Ammo, hozirgi mehnat bozori avvalgidan ancha boshqacha. Ish beruvchi yosh mutaxassisdan faqat diplom emas, balki aniq ko‘nikma, ishga tayyorlik, mas’uliyat, muloqot madaniyati va natija ko‘rsatish qobiliyatini ham kutmoqda.

 Shu sababli bugungi eng muhim savollardan biri: diplomning o‘zi yoshlarni ish bilan ta’minlashda yetarlimi?

Diplom bilim olinganini ko‘rsatadi, ammo amaliy ko‘nikma insonning o‘sha bilimni hayotda ishlata olishini isbotlaydi. Masalan, iqtisod yo‘nalishini bitirgan talaba Excel, moliyaviy tahlil, hisobot tayyorlash, soliq tizimi va mijoz bilan ishlashni bilmasa, ishda qiynaladi. Axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi talaba esa kod yozish, real loyiha qilish, jamoada ishlash va muammoni mustaqil hal qilish tajribasiga ega bo‘lmasa, diplom uning imkoniyatini to‘liq ochib bera olmaydi.

World Bankning O‘zbekiston bo‘yicha kasbiy ta’lim va ko‘nikmalar tizimiga bag‘ishlangan tadqiqotida ham mamlakatda yoshlarning mehnat bozoriga mos ko‘nikmalarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlanadi. Hisobotda kasbiy ta’lim tizimi yoshlarni nafaqat ichki mehnat bozori, balki xalqaro ish imkoniyatlariga ham tayyorlashi kerakligi aytilgan.

Muammo nimada?

Yoshlar bandligi masalasida asosiy muammo faqat “ish yo‘q” degan gap bilan cheklanmaydi. Muammo ancha kengroq. Birinchidan, ta’lim bilan mehnat bozori o‘rtasida uzilish bor. Ko‘p joylarda talabalar nazariyani o‘rganadi, lekin real ish muhiti bilan kech yoki kam vaqt davomida tanishadi. Natijada bitiruvchi diplom oladi, ammo ish beruvchi undan “tajribangiz bormi?” deb so‘raganda: “Tajribam bor, lekin kam, biz ko’proq nazariyani o’qiganmiz”,- degan gap hech qaysi ish beruvchiga manzur bo‘lmaydi. Ikkinchidan, ko‘plab yoshlar o‘z sohasida aynan qanday kasb tanlashni bilmaydi. Masalan, “iqtisodchi” degan umumiy nom bor, lekin uning ichida buxgalter, auditor, moliyaviy tahlilchi, bank xodimi, loyiha menejeri, savdo bo‘yicha mutaxassis kabi ko‘plab yo‘nalishlari mavjud. Yo‘nalish aniq bo‘lmagani uchun yoshlar vaqtini umumiy bilimlarga sarflaydi, lekin bozorda talab qilinadigan aniq ko‘nikmalarni shakllantirmaydi. Uchinchidan, amaliyot ko‘pincha rasmiyatchilikka aylanib qoladi. Talaba amaliyotga boradi, lekin unga haqiqiy vazifa berilmaydi. U hujjatga imzo yig‘adi, hisobot topshiradi, ammo ish jarayonini o‘rganmaydi. Bunday amaliyot yoshni kasbga tayyorlamaydi. Undan ko’ra nazariyani o‘qigani yaxshiroq. To‘rtinchidan, yoshlarning o‘zida ham muammo bor. Ba’zan ular diplom olsam, ish o‘zi keladi deb o‘ylaydi. Aslida esa bugungi bozorda diplom bir parcha qog’ozdek qaraladi, xolos.

Diplom unda nega kerak?

“Diplom yetarli emas” degani “diplom kerak emas” degani emas. Diplom yosh mutaxassis uchun muhim asos hisoblanadi. U insonning ma’lum bir sohada tizimli bilim olganini, o‘qiganini va shu yo‘nalish bo‘yicha boshlang‘ich tayyorgarlikka ega ekanini ko‘rsatadi. Ayrim kasblarda diplom ayniqsa zarur. Masalan, shifokor, o‘qituvchi, yurist, muhandis yoki moliya sohasi mutaxassisi bo‘lish uchun faqat qiziqish yoki qisqa kurs yetarli emas. Bu sohalarda chuqur bilim, mas’uliyat va rasmiy malaka talab qilinadi. Shu sababli diplom ko‘plab kasblar uchun ishga kirishning birinchi sharti bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, diplom ish beruvchi uchun dastlabki ishonch belgisi hamdir. Ish beruvchi nomzodni tanlayotganda uning ma’lum bir yo‘nalishda ta’lim olganiga e’tibor beradi. Ammo bugungi mehnat bozorida diplomning o‘zi kifoya qilmaydi. Ish beruvchi yoshdan “qayerda o‘qigansan?” degan savol bilan birga “nima qila olasan?” degan savolga ham javob kutadi. Shuning uchun diplomni inkor etish noto‘g‘ri. U kerak, lekin amaliy ko‘nikmalar bilan birga bo‘lsa, haqiqiy qiymatga ega bo‘ladi. Diplom bilimning asosi bo‘lsa, ko‘nikma shu bilimni hayotda qo‘llay olish isbotidir.

Yoshlarning o‘zi nima qilishi kerak?

Yoshlar ham faqat davlat, universitet yoki ish beruvchidan kutib o‘tirmasligi kerak. Har bir talaba o‘ziga shunday savol berishi lozim: “Men diplomdan tashqari nima qila olaman?” Agar javob aniq bo‘lmasa, hozirdan harakat boshlash kerak. Biror dasturni o‘rganish, til bilish darajasini oshirish, amaliyot topish, kichik loyiha qilish, ustoz topish, rezyume yozish, suhbatga tayyorlanish, kasbga oid kitob va kurslardan foydalanish mumkin. Eng muhimi, yoshlar “tajribam yo‘q” degan bahona bilan to‘xtab qolmasligi kerak. Tajriba faqat katta kompaniyada ishlash bilan shakllanmaydi, turli volontyorlik loyihalari, real keyslar bilan ishlash, universitetdagi loyihalar, amaliy topshiriq ham tajriba bo‘lishi mumkin. Muhimi, uni natijaga aylantirish va ko‘rsata olish.

Bugungi davrda diplom muhim, lekin u yakuniy kafolat emas. Yoshlar bandligini ta’minlash uchun ta’lim, ish beruvchi va yoshlarning o‘zi birgalikda harakat qilishi kerak. Ta’lim muassasalari bozor talabini eshitishi, ish beruvchilar yoshlarni o‘rgatishga tayyor bo‘lishi, yoshlar esa o‘z ustida ishlashni odatga aylantirishi zarur.

Kelajakda eng ko‘p imkoniyatga ega bo‘ladigan yoshlar diplom olganlar emas, balki diplomini amaliy ko‘nikma bilan mustahkamlaganlar bo‘ladi. Chunki mehnat bozori “nimani o‘qiding?” degan savoldan tashqari yana bir savolni ham beradi: “Nimani qila olasan?”

Shu savolga aniq javobi bor yosh esa ish topishda ham, kasbda o‘sishda ham, jamiyatga foyda keltirishda ham boshqalardan bir qadam oldinda bo‘ladi.||

Muhammadiyeva Ruhshona,

Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoiy odil sudlov fakulteti