Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalq rassomi Roʻzi Choriyev tavalludining 90 yilligini keng nishonlash chora tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 7-iyundagi 43-sonli majlis bayoniga asosan ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlari oʻquvchilari oʻrtasida “Roʻzi Choriyev izdoshlari” rasmlar tanlovi eʼlon qilinadi.
Tanlovda 10 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlari oʻquvchilari tasviriy sanʼat yoʻnalishidagi (rangtasvir, grafika, portret, haykaltaroshlik va h.k.) ijodiy ishlari bilan ishtirok etishi mumkin.
Tanlov quyidagi ikkita yosh toifalari boʻyicha oʻtkaziladi:
10 yoshdan 13 yoshgacha boʻlgan yosh ijodkorlar;
14 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan yosh ijodkorlar.
Tanlovga quyidagi mavzularda yaratilgan ijodiy ishlar taqdim qilinadi:
“Surxon vodiysi manzaralari”;
“Surxondaryo zamini va odamlari”;
“Roʻzi Choriyevni eslab...”.
Tanlovga bitta ishtirokchi tomonidan yaratilgan 1 (bir) dona ijodiy ish (A3 formatda, 50x40, 60x40 ) taqdim etiladi.
Tanlov ishtirokchilari ijodiy ishlarining asli shu yil 1-avgustidan 30-avgustiga qadar Roʻzi Choriyev nomidagi ixtisoslashgan sanʼat maktab-internati (Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, Alisher Navoiy koʻchasi, 69-uy) manziliga yuborilishi zarur.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi