Prezidentimiz raisligida shu yil 12-fevral kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida qishloq xoʻjaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari muhokama etilib, sohaga klaster tizimi orqali yuqori unumli texnika va chuqur qayta ishlash kirib kelayotgani tufayli ham miqdor, ham samaradorlik jihatidan rivojlanishga erishilayotgani alohida eʼtirof etildi. Ammo ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, agrar sohada unumdorlikni oshirish, tannarxni kamaytirish, suvni tejash oldimizda turgan eng ustuvor vazifalar ekani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligi korxonalari, xususan, klaster va fermer xoʻjaliklarining barqarorligida xarajat kamligi oʻta muhim ekaniga alohida toʻxtalib, paxta yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga birja savdolariga qoʻyilayotgan dizel yonilgʻisi narxini 15 foizga pasaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Kuni kecha “Oʻzbekneftgaz” AJ dizel yonilgʻisining narxi EKO dizel yonilgʻisi narxiga nisbatan 15 foizga arzonlashtirilganini eʼlon qildi. Yaʼni, jamiyatga qarashli barcha neft baza omborlaridan “YEVRO-5 SSDF” rusumli dizel yonilgʻisi bir tonnasi 11 608 190 soʻmdan arzonlashtirilgan narxlarda birja savdolariga joylashtirildi.
Xoʻsh, ushbu yengillik paxta yetishtiruvchilarga qancha iqtisodiy naf beradi? Klaster va fermerlar faoliyatida samaradorlikni oshirishda qanday rol oʻynaydi?
Avvalo, shuni aytish kerakki, paxtachilik tarmogʻida yonilgʻi-moylash materiallari eng muhim hisoblanadi. Negaki, chigit ekishdan tortib, gʻoʻza parvarishi, hosil yetishtirish va yigʻishtirib olishgacha boʻlgan barcha agrotexnika tadbirlari sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi yonilgʻi-moylash materiallari taʼminotining barqarorligiga, eng asosiysi, narxining maqbulligiga bogʻliq.
Ochigʻini aytish kerak, dizel yonilgʻisi bahosining yuqoriligi haqli eʼtirozlarga ham sabab boʻlayotgan edi. Ana shunday paytda uning narxi pasaytirilgani paxta yetishtiruvchilarga katta koʻmak, sohaga rivojiga muhim poydevor boʻldi.
Dastlabki, hisob-kitoblarga qaraganda, yonilgʻi-moylash materiallari narxida berilayotgan imtiyozlar hisobiga paxta yetishtiruvchi klaster va fermerlar ixtiyorida kamida 585 milliard soʻm miqdorida mablagʻ tejab qolinar ekan.
Quyidagi jadvalda dizel yonilgʻisining avvalgi va pasaytirilgan narxlari hamda ular orasidagi farqni koʻrish mumkin:
Darhaqiqat, har bir gektar gʻoʻza maydoniga 0,26 tonna dizel yonilgʻisi sarflanishini hisobga olsak, 1 million gektarda yetishtiriladigan paxta hosili uchun 260 000 tonna yonilgʻi sarflanadi. Bu avvalgi narxda hisoblaganda, 3, 9 trillion soʻm, pasaytirilgan narxda esa 3,3 trillion soʻmni tashkil etadi. Koʻrib turganingizdek, oʻrtadagi farq 585 milliard soʻm!
Ushbu mablagʻlar, birinchi navbatda, yetishtirilgan paxta xomashyosi tannarxi kamayishiga, klaster va fermer xoʻjaliklarining daromadi oshishiga olib keladi. Qolaversa, narx imtiyozi qayta ishlash bosqichlarida ham mahsulot tannarxiga oʻz taʼsirini koʻrsatib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini berishi bilan alohida ahamiyatga ega.
Hakim ELMANOV,
Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi
Iqtisodiy tahlil va rejalashtirish boshqarmasi boshligʻi