MDH mamlakatlari ishtirokchi davlatlarining iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo'yicha maslahat kengashining videokonferentsiya formatidagi navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Kengashda BMT VIII xalqaro konferentsiyasi qarorining raqobat va iste'molchilar huquqini himoya qilish sohasidagi yondashuvlari, elektron tijorat hamda maslahat kengashiga a'zo davlatlar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat ko'rsatayotgan davlat va nodavlat tashkilotlarning kun tartibidagi masalalar yuzasidan taqdimotlari bo'lib o'tdi.

Xalqaro iste'molchilar jamiyatlari konfederatsiyasi boshqaruvi raisi Dmitriy YAnin O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasini maslahat kengashi a'zoligiga kiritish yuzasidan taklif kiritdi.

Dmitriy YAnin federatsiya MDH mamlakatlari ishtirokchi davlatlarining iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo'yicha maslahat kengashining so'nggi uchta yig'ilishiga kuzatuvchi maqomida taklif etilganini va faol ishtirok etganini ta'kidladi. SHuningdek, federatsiyaning maslahat kengashi tarkibidagi iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat ko'rsatayotgan  davlat va jamoat tashkilotlari bilan  yaqin hamkorlik aloqalarini yuqori baholab, O'zbekiston Respublikasida iste'molchilar huquqlarini himoya qilishda yagona davlat siyosatini yurituvchi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi rahbariyatidan ushbu masalaga e'tibor qaratishini so'radi.

Federatsiyaning 2018 yildan buyon Xalqaro iste'molchilar tashkilotining to'laqonli a'zosi ekani alohida ta'kidlandi.

Federatsiya xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda ilg'or xorijiy tajribani o'rganish va uni amaliyotda qo'llash maqsadida salmoqli natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Ozarboyjon, Qozog'iston, Tojikiston hamda Qirg'izistonning turdosh tashkilotlari bilan federatsiya o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumlari imzolangan.

Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Frantsiya, Bel`giya, Portugaliya, Ispaniya Malayziya, YAponiya, Xitoy, Avstriya, Isroil, Tailand, V`etnam,  Mongoliya, Pokiston kabi mamlakatlarning turdosh davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilgan.

Hozir O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan 2021 yilning may oyida Xalqaro iste'molchilar tashkiloti bilan hamkorlikda Urganch va Xiva shaharlarida turizm sohasida iste'molchilar huquqini himoya qilish masalalariga bag'ishlab o'tkaziladigan “Sayyoh-2021” xalqaro forumiga  qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda.