Karantin kunlarida ham aholi murojaatlari bilan ishlash, eng kichik masaladan tortib,  hududlar obodligi, odamlarning  farovon hayoti uchun xizmat qiladigan katta muammolargacha hal qilish choralari ko'rilmoqda. SHu vaqtgacha  murojaatlar onlayn tarzda qabul qilingan bo'lsa, endilikda Qashqadaryo viloyati koronovirusdan xoli, ya'ni “yashil hudud”ga kirgani bois yana ishlar har doimgidek yo'lga qo'yildi.

Karantin talablariga qat'iy  rioya qilinib,  tibbiy niqoblarda, oraliq masofalarga e'tibor qaratilgan holda fuqarolarning muammolari tinglanayapti, murojaatlar qabul qilinib, ularning echimi bo'yicha chora tadbirlar ko'rilayapti. Joriy yilning shu davrigacha Qashqadaryo viloyatidagi Prezident Xalq qabulxonasiga 5 ming 693 ta murojaat kelib tushgan bo'lsa, ularning 4 ming 349 tasi qanoatlantirilgan.

Aniq misollarga murojaat qilsak. Qarshi shahridagi “Aral” mahallasida 2 mingdan oshiq aholi yashaydi. Ammo hududda umumta'lim maktabi yo'qligi sababli  o'quvchilar 2-3 km yo'l bosib, qo'shni mahallalardagi maktablarga qatnab o'qishga majbur  bo'lishgan. Aholi mahallalarida maktab uchun ajratilgan er borligi, ammo qurilishi bir necha yillardan buyon amalga oshmay kelayotganini aytib, shikoyat arizasi bilan chiqishgan. Murojaatlardan so'ng  maktab investitsiya dasturiga kiritilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi. Dasturga asosan 3 qavatli, 630 o'rinli zamonaviy  bilim dargohi qad rostladi. Ushbu yangi maktabda o'quvchilarning bekamu ko'st bilim olishlari uchun barcha shart sharoit va qulayliklar yaratilmoqda.

Qarshi shahridagi “Gungon”, “G'afur G'ulom”, “Kat” mahallalari  aholisining ham bir necha yillik muammolari hal etilmoqda. Ushbu mahallalarni kesib o'tuvchi “Alisher Navoiy”, “Nasaf”  ko'chalari ta'mirtalab ahvolga kelib  qolganligi  transport qatnovi va yo'lovchilarning o'tib qaytishi uchun qiyinchilik tug'dirayotganidan tashqari yozda atrofga tarqaladigan chang to'zon, qishda hosil bo'ladigan ko'lmak va loy atrof muhitga ham zarar etkazayotgani aholining haqli e'tirozlariga sabab bo'layotgan edi. Va nihoyat bu muammo ham o'z echimini topdi.

“Navoiy” va “Nasaf” ko'chalarini  ta'mirlash uchun respublika byudjetidan 16 milliard 150  million so'm mablag' ajratildi. Ayni paytda yo'l korxonalari tomonidan qurilish-ta'mirlash ishlari boshlab yuborildi. Tor, o'nqir-cho'nqir  ko'chalar 4 tasmali, keng va ravon yo'lga aylanayapti. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida yo'lni ikki tomonida piyodalar yo'lakchalari qurilib, suv qochirish lotoklari barpo etilayapti. YOritish tarmoqlari yangilanayapti. Tuproq, iqlim sharoitidan kelib chiqib, turli manzarali daraxt ko'chatlari ekish ishlari amalga oshirilayapti. Yo'l qurilishi munosabati bilan  700  dan ortiq  ishsiz yoshlar ishga qabul qilindi. 

Albatta, aholini, ayniqsa yoshlarni ish bilan ta'minlash,  oilalarning daromadini oshirish eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada foydalanilmay kelinayotgan erlarni o'zlashtirish hisobiga ish o'rinlarining yaratilayotgani har tomonlama samarali bo'lmoqda. Viloyatda mahalliy hokimiyatlarning ko'magi va  tadbirkorlarning tashabbusi bilan  23 ta ishlab chiqarish kooperatsiyalari tashkil etildi. Ularga 732 nafar ish bilan band bo'lmagan fuqarolar va yoshlar biriktirildi. Bandlikka ko'maklashish markazining jamg'armasi hisobidan  kooperatsiya a'zolari  uchun  2 milliard 566 million so'm miqdorida subsidiyalar ajratildi. Qir adirlik va lalmi erlar o'zlashtirilib, 1 ming 365 gektar yangi erlar ochildi. Bundan tashqari  samarasizligi tufayli  foydalanishdan chiqarilgan  659 gektar  er  qaytadan ekin maydonlariga aylantirildi. YAngi ochilgan erlarda sug'orish  tarmoqlarini yo'lga qo'yish uchun 22 ta artezian quduqlar qazilib, obi hayot chiqarildi, 19 ta suv nasoslari yangidan o'rnatildi, 15 km  lotoklar  qurildi, 16 km lik kanal va ariqlar tozalandi.

“Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida Qarshi tumanidagi  “Xonobod”  massivida  qarovsiz,  foydalanilmay turgan 93 gektar er maydoni  132 nafar yigit qizga imkoniyatiga qarab, 50 sotix va 1 gektardan bo'lib  berildi. Suv chiqishi qiyin bo'lgan maydon tekislanib, shudgor qilindi. Hududdagi yaroqsiz ahvolga kelib qolgan transfarmator ta'mirlandi. Suv yo'llari ochilib,  3 ta artezian qudug'i o'rnatib berildi. Natijada  qaqrab yotgan zamin  obi hayotdan  bahra oldi. SHohrux Bobosharipov va Dilnoza Salimova  yosh oilalardan biri. Bugun  ular bir gektar erning egasi. Dastlab ekkan  400 tup olma kuchatlari  bugun baravj rivojlanayapti. Ular hosilga kirguniga qadar erdan samarali foydalanish va daromad ko'rish uchun  nihollar  orasiga pomidor, piyoz singari  poliz ekinlari ekib, parvarish kilishayapti.

Imkoniyatlar hisobga olinib, ushbu hududda yana 500 gektar er o'zlashtirilib,  500 nafar  ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga va yoshlarga bo'lib berilishi rejalashtirilayapti.

Viloyat Xalq qabulxonasining yordami bilan yana bir tadbirkorning niyati ushaldi. “Otchopar” mahallasida istiqomat qiluvchi SHuhrat Odilovga ham  “Xonobod” massividan 5 gektar er ajratib berildi. Yillar davomida foydalanilmay kelingan, yantoqzorga aylangan  er bugun obod manzilga aylandi. YAxshi niyatlar bilan erga qadalgan uzum ko'chatlari  bugun barg chiqardi. Qator oralariga bodring, pomidor, bulg'or qalampiri ekildi. ekinlarni tomchilatib sug'orish yo'lga qo'yildi.

e'tibor va g'amxo'rlik, qo'llab quvvatlash, har qanday dalda ertangi kunga bo'lgan ishonchni, inson irodasini mustahkamlaydi. Buni mamnun chehralarda, harakat va intilishlarda, g'ayrat va shijoatda ko'rish, his etish mumkin. Prezident Xalq qabulxonalari esa ushbu ezgu say-harakatlarda doimo elimiz ko'makdoshi bo'lib keladi.