Karantin kunlarida ham aholi murojaatlari bilan ishlash, eng kichik masaladan tortib, hududlar obodligi, odamlarning farovon hayoti uchun xizmat qiladigan katta muammolargacha hal qilish choralari ko'rilmoqda. SHu vaqtgacha murojaatlar onlayn tarzda qabul qilingan bo'lsa, endilikda Qashqadaryo viloyati koronovirusdan xoli, ya'ni “yashil hudud”ga kirgani bois yana ishlar har doimgidek yo'lga qo'yildi.
Karantin talablariga qat'iy rioya qilinib, tibbiy niqoblarda, oraliq masofalarga e'tibor qaratilgan holda fuqarolarning muammolari tinglanayapti, murojaatlar qabul qilinib, ularning echimi bo'yicha chora tadbirlar ko'rilayapti. Joriy yilning shu davrigacha Qashqadaryo viloyatidagi Prezident Xalq qabulxonasiga 5 ming 693 ta murojaat kelib tushgan bo'lsa, ularning 4 ming 349 tasi qanoatlantirilgan.
Aniq misollarga murojaat qilsak. Qarshi shahridagi “Aral” mahallasida 2 mingdan oshiq aholi yashaydi. Ammo hududda umumta'lim maktabi yo'qligi sababli o'quvchilar 2-3 km yo'l bosib, qo'shni mahallalardagi maktablarga qatnab o'qishga majbur bo'lishgan. Aholi mahallalarida maktab uchun ajratilgan er borligi, ammo qurilishi bir necha yillardan buyon amalga oshmay kelayotganini aytib, shikoyat arizasi bilan chiqishgan. Murojaatlardan so'ng maktab investitsiya dasturiga kiritilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi. Dasturga asosan 3 qavatli, 630 o'rinli zamonaviy bilim dargohi qad rostladi. Ushbu yangi maktabda o'quvchilarning bekamu ko'st bilim olishlari uchun barcha shart sharoit va qulayliklar yaratilmoqda.
Qarshi shahridagi “Gungon”, “G'afur G'ulom”, “Kat” mahallalari aholisining ham bir necha yillik muammolari hal etilmoqda. Ushbu mahallalarni kesib o'tuvchi “Alisher Navoiy”, “Nasaf” ko'chalari ta'mirtalab ahvolga kelib qolganligi transport qatnovi va yo'lovchilarning o'tib qaytishi uchun qiyinchilik tug'dirayotganidan tashqari yozda atrofga tarqaladigan chang to'zon, qishda hosil bo'ladigan ko'lmak va loy atrof muhitga ham zarar etkazayotgani aholining haqli e'tirozlariga sabab bo'layotgan edi. Va nihoyat bu muammo ham o'z echimini topdi.
“Navoiy” va “Nasaf” ko'chalarini ta'mirlash uchun respublika byudjetidan 16 milliard 150 million so'm mablag' ajratildi. Ayni paytda yo'l korxonalari tomonidan qurilish-ta'mirlash ishlari boshlab yuborildi. Tor, o'nqir-cho'nqir ko'chalar 4 tasmali, keng va ravon yo'lga aylanayapti. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida yo'lni ikki tomonida piyodalar yo'lakchalari qurilib, suv qochirish lotoklari barpo etilayapti. YOritish tarmoqlari yangilanayapti. Tuproq, iqlim sharoitidan kelib chiqib, turli manzarali daraxt ko'chatlari ekish ishlari amalga oshirilayapti. Yo'l qurilishi munosabati bilan 700 dan ortiq ishsiz yoshlar ishga qabul qilindi.
Albatta, aholini, ayniqsa yoshlarni ish bilan ta'minlash, oilalarning daromadini oshirish eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada foydalanilmay kelinayotgan erlarni o'zlashtirish hisobiga ish o'rinlarining yaratilayotgani har tomonlama samarali bo'lmoqda. Viloyatda mahalliy hokimiyatlarning ko'magi va tadbirkorlarning tashabbusi bilan 23 ta ishlab chiqarish kooperatsiyalari tashkil etildi. Ularga 732 nafar ish bilan band bo'lmagan fuqarolar va yoshlar biriktirildi. Bandlikka ko'maklashish markazining jamg'armasi hisobidan kooperatsiya a'zolari uchun 2 milliard 566 million so'm miqdorida subsidiyalar ajratildi. Qir adirlik va lalmi erlar o'zlashtirilib, 1 ming 365 gektar yangi erlar ochildi. Bundan tashqari samarasizligi tufayli foydalanishdan chiqarilgan 659 gektar er qaytadan ekin maydonlariga aylantirildi. YAngi ochilgan erlarda sug'orish tarmoqlarini yo'lga qo'yish uchun 22 ta artezian quduqlar qazilib, obi hayot chiqarildi, 19 ta suv nasoslari yangidan o'rnatildi, 15 km lotoklar qurildi, 16 km lik kanal va ariqlar tozalandi.
“Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida Qarshi tumanidagi “Xonobod” massivida qarovsiz, foydalanilmay turgan 93 gektar er maydoni 132 nafar yigit qizga imkoniyatiga qarab, 50 sotix va 1 gektardan bo'lib berildi. Suv chiqishi qiyin bo'lgan maydon tekislanib, shudgor qilindi. Hududdagi yaroqsiz ahvolga kelib qolgan transfarmator ta'mirlandi. Suv yo'llari ochilib, 3 ta artezian qudug'i o'rnatib berildi. Natijada qaqrab yotgan zamin obi hayotdan bahra oldi. SHohrux Bobosharipov va Dilnoza Salimova yosh oilalardan biri. Bugun ular bir gektar erning egasi. Dastlab ekkan 400 tup olma kuchatlari bugun baravj rivojlanayapti. Ular hosilga kirguniga qadar erdan samarali foydalanish va daromad ko'rish uchun nihollar orasiga pomidor, piyoz singari poliz ekinlari ekib, parvarish kilishayapti.
Imkoniyatlar hisobga olinib, ushbu hududda yana 500 gektar er o'zlashtirilib, 500 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga va yoshlarga bo'lib berilishi rejalashtirilayapti.
Viloyat Xalq qabulxonasining yordami bilan yana bir tadbirkorning niyati ushaldi. “Otchopar” mahallasida istiqomat qiluvchi SHuhrat Odilovga ham “Xonobod” massividan 5 gektar er ajratib berildi. Yillar davomida foydalanilmay kelingan, yantoqzorga aylangan er bugun obod manzilga aylandi. YAxshi niyatlar bilan erga qadalgan uzum ko'chatlari bugun barg chiqardi. Qator oralariga bodring, pomidor, bulg'or qalampiri ekildi. ekinlarni tomchilatib sug'orish yo'lga qo'yildi.
e'tibor va g'amxo'rlik, qo'llab quvvatlash, har qanday dalda ertangi kunga bo'lgan ishonchni, inson irodasini mustahkamlaydi. Buni mamnun chehralarda, harakat va intilishlarda, g'ayrat va shijoatda ko'rish, his etish mumkin. Prezident Xalq qabulxonalari esa ushbu ezgu say-harakatlarda doimo elimiz ko'makdoshi bo'lib keladi.