Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Mansur Hoshimov bilan “Dong-A Electric” kompaniyasi katta ijrochi direktori Kim Te U oʻrtasida videokonferensiya shaklida muzokara oʻtkazildi.
Muzokaralar davomida tomonlar Janubiy Koreyaning “Dong-A Electric” kompaniyasi ishtirokida Oʻzbekistonda zamonaviy elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini roʻyobga chiqarishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Kim Te U “Dong-A Electric” har xil turdagi zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari, shu jumladan sohada aqlli yechimlarni ishlab chiqarishini taʼkidladi. U oʻz kompaniyasining Toshkentda eksportga yoʻnaltirilgan raqobatbardosh elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan loyihasini amalga oshirishga qiziqish bildirayotganini, shuningdek, “Dong-A Electric” kompaniyasi Oʻzbekistonda yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun oʻzining zamonaviy texnologiyalarini taqdim etishga tayyor ekanligini tasdiqladi.
Ushbu ishlab chiqarishni tashkil etish uchun Oʻzbekistonda barcha sharoit — boy xomashyo bazasi, yuqori malakali mutaxassislar, qulay investitsiya muhiti, mamlakat va qoʻshni davlatlarda talabgor bozor mavjudligi taʼkidlandi.
Tomonlar faol axborot almashishni davom ettirish va navbatdagi muzokaralarni onlayn shaklda oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishdi, deb xabar beradi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi matbuot xizmati.