Mazkur Davlat standarti dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji sotish, saqlash bilan bog'liq umumiy qoidalar hamda tamoyillarini belgilaydi. Mazkur qoidalar idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qat'i nazar, dori vositalari va tibbiy buyumlarning distribyutsiyasi bilan shug'ullanadigan barcha yuridik shaxslarga, shu jumladan, dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalariga, distribyutorlariga nisbatan qo'llaniladi.
GDP tamoyillari zarur korporativ fikrlashni shakllantirishga yordam beradi. GDP qoidalari dori vositalarining muomalasi sohasida davlat tomonidan tartibga solish modelining elementi hisoblanadi.
2023 yil 1 yanvardan farmatsevtika mahsulotlari bo'yicha davlat xarid tanlovlarida faqatgina “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” standartlari asosida dori vositalarini, “ISO:13485” standartlari asosida tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar hamda “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat beriladi.
"Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” sertifikati “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasiga davlat xarid tanlovlarida ishtirok etishni, shuningdek, kompaniyaning distribyutorlikning barcha bosqichlarida dori vositalarini sifatli olib kelish, saqlash, yetkazib berishdagi faoliyati ishonchli, samarali ekanligini kafolatlaydi, deb xabar beradi doridarmon.uz.