Dori vositalari narxining sun'iy oshirilishi va ularning noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olinmoqda
Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXXning Andijon viloyat boshqarmalari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.D. boshqalar bilan o'zaro til biriktirib, noqonuniy daromad orttirib qolish maqsadida, aholi tomonimdan talab yuqori bo'lgan dori vositalarini narxini sun'iy ravishda oshirib, fuqaro M.ga hech qanday hujjatlari bo'lmagan, 100 quti “Arbidol 100 mg” dori vositasini har bir qutisini 350 ming so'mdan hisoblab, 35 mln so'mga va 412 quti “Meropenem 1ml” dori vositasini
200 ming so'mdan hisoblab, 82 mln so'mga sotishga kelishib, shundan, 58 mln so'm hamda 6 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.
Xuddi shunday, Departamentning Ohangaron shahar bo'limi tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.A. 200 ming so'm evaziga Namangan shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.X.ning topshirig'iga asosan 93 quti “Kleksan” dori vositasini Namangan viloyatidan Ohangaron tumaniga olib kelib, fuqaro Z.ga 3 000 AQSH dollari va 20,2 mln so'mga o'tkazgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
S.A.ning ko'rsatuvlariga asosan Namangan shahrida tezkor tadbir davom ettirilganda, fuqaro A.X. S.A.dan 93 quti “Kleksan” dori vositasi uchun
3 000 AQSH dollari va 20,2 mln so'mni olgan vaqtida ushlangan.
Departament va DXXning Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro X.M. va boshqalar o'zaro til biriktirib, kuchli ta'sir etuvchi 100 quti «LIRIKA 300 mg» dori vositasini 92,3 mln so'mga fuqaro D.ga sotayotganda ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.
YUqoridagi holatlar bo'yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.