Joriy yil 31-mayda “Dori-Darmon” AK matbuot xizmati tomonidan “Namangan Dori-Darmon” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari uchun tashkil etilgan Press-turda taʼkidlanishicha, oʻtgan yili hudud aholisi 55 milliard 124 million soʻmlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlangan.

2022-yil birinchi choragida esa bu borada 8 milliard 513 million soʻmlik ishlar amalga oshirilgan.

Shunday qilib, 2021-yilda aholiga dori-darmon va tibbiyot buyumlari yetkazib berish rejasi 119,56 foizga bajarildi.

Ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlash huquqiga ega boʻlgan shaxslar toifalariga kiruvchi bemorlarga jamiyat tizimidagi dorixonalardan 2021-yil davomida 904 million 35 ming soʻmlik, joriy yil birinchi choragida esa 178 million 600 ming soʻmlik dori vositalari bepul berilgan.

Jamiyatda maxsus jihozlangan “Isuzu” va “Damas” rusumli avtomashinalarda 10 ta koʻchma dorixona shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ular yordamida viloyatning chekka hududlaridagi aholiga kerakli dori-darmonlar va tibbiyot buyumlar yetkazib berilyapti. Oʻtgan yili chekka hududlardagi aholiga 219 million soʻmlik, 2022-yil birinchi chorak mobaynida 60 million soʻmdan ziyod dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari yetkazib berildi.

“Namangan Dori-Darmon” aksiyadorlik jamiyatining omborxona va dorixonalarida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini (1,5 mingga yaqin nomdagi) arzon narxlarda doimiy mavjudligi aholi va sogʻliqni saqlash boshqarmasi davolash profilaktika muassasalari uchun muhim ahamiyatga ega.

2021-yil davomida viloyat boʻyicha “Namangan Dori-Darmon” tizimidagi 16 ta analitik xonalar faoliyat yuritdi va 16 588 ta dori moddasi hamda 4 304 ta tozalangan suv tekshiruvdan oʻtkazildi.

“Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida belgilangan topshiriqlar boʻyicha jamiyatga qarashli 159 ta dorixona va dorixona filiallarida onlayn kassa apparatlari oʻrnatildi.

“Namangan Dori-Darmon” AJ tizimida “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb nomlangan 2022-yilning birinchi choragida Toʻraqoʻrgʻon tuman Isvaxon MFYda 6-sonli dorixona va Mingbuloq tuman Madaniyat MFY Oʻzgarish QVP binosida 32-sonli dorixona filiali tashkil etilib, faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Sohaning rivojida kadrlar salohiyati muhim oʻrin tutishi shubhasiz. Jamiyatga qarashli barcha dorixona, dorixona shoxobchalari mudirlari oʻrtasida muntazam oʻquv-seminarlar tashkil etilib kelinyapti.

Kumush Pardayeva,

“Dori-Darmon” AK matbuot kotibi.