Ana shu jarayonda jamiyatimizdagi ancha-muncha kamchiliklar va kelishmovchiliklar ham barham topdi. Prezidentimiz har bir chiqishida jurnalist va blogerlar (garchi koʻplab rahbarlarga yoqmasa-da) dadillik bilan koʻtarib chiqayotgan masalalarni hal etish jamiyatimiz rivoji uchun muhim ekani bois, ularni hamisha qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini taʼkidlaydi.

Murojaatnomani tinglash jarayonida poʻrtanali va sinovli kechgan voqeliklar xayolimdan oʻtar ekan, Prezidentimizning: “Tanqidiy materiallar joylardagi koʻplab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchi va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va soʻz erkinligi — bu davr talabi. Bu Oʻzbekistondagi islohotlarning talabi. Oʻtgan 4 yil davomida jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, soʻz erkinligi muhitida yashash va ishlashga asta-sekin oʻrganib boryapmiz. Qiyin boʻlyapti, lekin oʻrganyapmiz. Adolatli jurnalist va blogerlarning tanqidiy chiqishlari eskicha qolipda ishlayotgan rahbarlar faoliyatidagi xato-kamchiliklarni koʻrsatib, ularni ish uslubini oʻzgartirish va masʼuliyatini oshirishga majbur qilmoqda”, degan soʻzlari koʻnglimni ravshan qilib yubordi.

Taʼkidlash oʻrinliki, soʻz erkinligi sohasida oʻtgan qisqa muddat mobaynida erishilgan bu yutuqlarni shaxsan men igna bilan quduq qazish mashaqqatiga tenglashtiraman. Bularning barchasiga esa davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli erishdik.

Chindan ham bir qolipga tushib qolgan rahbarlarimiz soʻz erkinligi muhitiga bora-bora koʻnikib boryapti. Bugungi kunda jamiyat koʻzgusidagi har bir dogʻ ziyrak va hushyor jurnalistlar nazarida, blogerlarning tashvishli nigohida juda tez fursatlarda aks etishi mumkinligini tushunib, har bir qadamini oʻylab bosishga harakat qilmoqda. Jurnalistmi u yoki blogermi, hayotimiz yaxshi boʻlishi uchun jon kuydirayotgan bir vijdonli yurtdoshimiz ekanini anglab bormoqda.

Jamoatchilik fikri davlatimiz rahbari uchun ham qanchalar qimmatli ekanini kutilmaganda oʻz yoʻnalishini oʻzgartirgan voqeliklar silsilasida ham kuzatib, guvohi boʻlib turibmiz.

Keyingi paytda ommaviy axborot vositalarini keng qoʻllab-quvvatlash, ularni himoya qilish jarayonida jiddiy toʻsiqlar va muammolar koʻzga tashlanmoqda. Jurnalist va blogerlarga eng murakkab vaziyatlarda yordam qoʻlini choʻzishi, tirgak boʻlishi zarur boʻlgan tashkilot — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi esa ular kutgan maʼnaviy hamda moddiy koʻmakni bera olmayapti. Shu bois, davlatimiz rahbari mazkur agentlik ishini tanqidiy qayta koʻrib chiqish lozimligini aytib oʻtdi. Eng koʻp holatlarda gazeta va jurnallar obunasi, matbuotda yoritilayotgan dolzarb tanqidiy-tahliliy maqolalarga boʻlgan munosabatlar masalasi jurnalistlarimizni boshi berk koʻchaga olib kirayotganini tan olishimiz kerak.

Endi bundan buyogʻiga jurnalist oʻzini koʻrsata oladigan minbar gazetalar, bosma nashrlar ahvoli oʻnglanishi zarur. Yana bir narsadan umid qilaman — qiyosiy, tahliliy maqolalari bilan jamiyatimizda katta oʻrin tutib kelgan professional jurnalistlar maktabini asrab qolishimiz juda muhim. Xolis fikrni ayta oladigan jasoratli jurnalistlar safi ham yana-da kengayishi kerak. Shu maʼnoda, hamkasblarimizning hamisha jamiyat oldida yuzlari yorugʻ, qadamlari dadil, qalamlari esa oʻtkir boʻlaversin!

Sherzodxon QUDRATXOʻJA,

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar

universiteti rektori,

Xalqaro press-klub raisi