Bugun, 8-iyul kuni jamoatchilik vakillari va OAV uchun “Doʻstlik” (sobiq Bobur) bogʻida rejalashtirilgan oʻzgarishlarga bagʻishlangan press-tur boʻlib oʻtdi.
“Doʻstlik” bogʻi bir necha yil davomida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi balansida boʻlib, investor topilgunicha yopiq holda boʻlgan. Chiqindilarni yigʻish va daraxtlarni sugʻorish bilan bu ishga befarq boʻlmagan koʻngillilar hamda obodonlashtirish boshqarmasi shugʻullangan. Hozir bogʻ shahar hokimligiga qaytarildi va uni poytaxt hokimligi tiklamoqda.
Joriy yilning may oyida Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari – Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasining boshligʻi Furqat Mahmudxoʻjayev va Yakkasaroy tumanining hokimi Anvar Sayfutdinov ishtirokida bogʻ taqdiriga befarq boʻlmagan faol aholi va OAV vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda shahar ahlining boqqa doir taklif va istaklari eshitildi va inobatga olindi.
Bugungi uchrashuv koʻrsatishicha, aholining deyarli barcha istaklari inobatga olinmoqda. Bogʻni avgust oyining oxirida ochish moʻljallangan.
Bogʻni rekonstruksiya qilish loyihasining rahbari Nuriddin Sagatov taqdim qilgan maʼlumotlarga koʻra, ishlarning asosiy jihatlari quyidagilardan iborat:
Bogʻning barcha daraxtlari saqlanib qoldi. Shu jumladan, general-gubernator dala-hovlisi davrini koʻrgan uchta qadimgi chinor daraxtlari ham saqlandi. Yana 700 tupga yaqin daraxt va butalar ekiladi.
Barcha suv havzalari saqlanib qoladi, ularning umumiy maydoni 10 000 kvadrat metr, “yuqori koʻl”da favvora va lazerli tomoshalar tashkil etiladi. “Kapalak koʻl” larda filtrlash uchun suv isrof qilinishining oldini olish maqsadida gidroizolyatsiya tashkil etilmoqda. Koʻl va favvoralarga hamda sugʻorishga suvni yetkazish uchun beshta chuqur nasosli quduq qazildi.
Bogʻda shovqinli attraksionlar boʻlmaydi, velosiped yoʻlagi uning markaziy qismidan oʻtib, sayrlar uchun tashkil qilingan yoʻlaklar bilan kesishmaydi. Velosipedlar, samokatlar va skeytlar ijarasi tashkil qilinadi.
Bolalar uchun maydonchalar, mavzuli, matematik, geografik, astronomik, lingvistik va boshqa yoʻnalishlardagi hududlar tashkil qilinib, ular fanlarni oʻyin shaklida oʻrganish uchun formula va alifbolar taʼminlanadi.
Konsertlar va boshqa tadbirlar uchun amfiteatr, shaxmat, vorkaut, yoga hududlari hamda sport maydonchalari quriladi.
Xohlovchilarga oʻtli joylarda piknik qilish uchun hududlar ajratiladi. Shuningdek, avtomobil va velosipedlar uchun katta turargoh qurilmoqda.
1976-yilda Toshkent va Sietl shaharlari oʻrtasidagi qardoshlik aloqalarining ramzi sifatida bunyod etilgan “Sietl bogʻi” ham rekonstruksiya qilinadi.
Rekonstruksiya mualliflari bogʻning birlamchi koʻrinishini qaytarish maqsadida plitkalar va bolalar rasmlari bilan bezatilgan koʻrinishini iloji boricha qaytarishga urinadilar. Shuningdek, “globusli” chiroyli favvora qayta ishga tushiriladi.
Eskirgan muhandislik kommunikatsiyalarining oʻrniga yangilari oʻtkazilmoqda. 120 ta yoritgich oʻrnatiladi.
Boqqa kirish bepulligicha qoladi.