“Doʻstlik”ning oʻz binosi bor

    Sharoitlari yetarli, barcha zarur jihozlarga ega zamonaviy binoda fuqarolarga xizmat koʻrsatish samarali boʻlishiga shubha yoʻq, albatta. Ammo mahalla boshqaruv tizimi tashkil qilinganida aksar mahalla fuqarolar yigʻinlari moslashgan binolarda ishlashga majbur boʻlishgandi. Hatto tayinli binosi yoʻq mahalla yigʻinlari ham bor edi.

    Ushbu kemtikni toʻldirish uchun Xorazm viloyatidagi barcha MFY uchun binolar qurish jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Koʻpgina binolar davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlar tomonidan qurib bitkazilyapti. Sarmoya sarflagan tadbirkor ayni paytda shu yerda mahalla guzari qurib, savdo va xizmat shoxobchalari ham ochmoqda.

    Kuni kecha foydalanishga topshirilgan Qoʻshkoʻpir tumanidagi “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻini binosi barcha qulayliklarga ega. Mahalla ahli bu qulaylikdan xursand boʻlishdi. Tadbirda ishtirok etgan qariyalar yurt tinchligi, obodligini tilab, duoga qoʻl ochdilar.

    — Tumanimizdagi barcha mahalla fuqarolar yigʻinlarini bino bilan taʼminlash masalasi yil oxirigacha hal qilinadi, — deydi tuman hokimi oʻrinbosari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Sayyora Xudoyberganova. — Oʻtgan davrda Mahalla hayriya jamoat fondi tomonidan 9ta mahalla binosi zarur jihozlar bilan taʼminlab berildi. Bu ishlar tizimning samarali faoliyat koʻrsatishiga zamin yaratadi.

    Roʻzimboy HASAN,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.