2-iyun kuni soat 10:28 da “Qatar Airways” aviakompaniyasining Toshkentga rejalashtirilgan birinchi reysi Doxa aeroportidan uchib ketdi. Oʻzbekiston poytaxtiga Airbus 320 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 13:30 da qoʻndi. Parvoz vaqti 3 soatni tashkil etdi.
“Toshkent” xalqaro aeroportida yangi havo qatnovining ochilish marosimida “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati rahbari Javlonbek Umarxodjayev, “Toshkent” xalqaro aeroporti direktori Jasur Poʻlatov, Fuqaro aviatsiyasi agentligi rahbari Tohir Nazarov, Oʻzbekiston Transport vazirligi havo transporti boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jamoliddin Nazarov, Qatar fuqaro aviatsiyasi departamenti boshligʻi Mohamed Faleh Al-Hajri, “Qatar Airways” aviakompaniyasining Sharqiy hududlar boʻyicha bosh vitse-prezidenti Marvan Koleylat, shuningdek, ikki mamlakat jurnalistlari va blogerlari ishtirok etdi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.
“Bugun biz uchun eng yaxshi aviakompaniyalardan biri Toshkent aeroportiga muntazam reyslarni amalga oshira boshlagan muhim kun. Ikki davlat oʻrtasidagi havo qatnovi nafaqat A nuqtadan B nuqtaga parvozlar, balki oʻtgan yil oxiridagi oliy darajadagi ikki tomonlama tashriflardan soʻng mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgan ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar rivojining muhim qismidir. Oʻzbekiston Qatarni Yaqin Sharqdagi istiqbolli iqtisodiy hamkor deb biladi. Oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish uchun tomonlar Markaziy Osiyoni Fors koʻrfazi mamlakatlari bilan bogʻlaydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz transport-logistika yoʻlaklarini shakllantirishdan manfaatdor”, — dedi “Uzbekistan Airports” rahbari Javlonbek Umarxodjayev.
“Toshkent yoʻnalishlar tarmogʻimiz geografiyasini kengaytirishda yangi nuqtaga aylandi. Ishonchimiz komilki, ushbu yangi yoʻnalish nafaqat Qatar va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi, balki biznes, turizm va madaniy almashinuvlar uchun ham keng eshiklarni ochadi. Doxa – Toshkent – Doxa yoʻnalishi boʻyicha yoʻlovchi qatnovlari haftasiga toʻrt marta – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Kelgusida biz Toshkentga parvozlar chastotasini oshirish hamda Buxoro va Samarqandga reyslarni yoʻlga qoʻyishni ham koʻrib chiqyapmiz”, — deya qoʻshimcha qildi sharqiy mintaqa katta vitse-prezidenti Marvan Koleylat.
“Qatar Airways” Qatarning milliy aviakompaniyasi boʻlib, bosh qarorgohi Doxada joylashgan. Aviakompaniya dunyoning 170 dan ortiq yoʻnalishlariga parvoz qiladi. Qatar Airways koʻplab nufuzli mukofotlarni qoʻlga kiritgan va Skytrax tomonidan yetti marta dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasi deb topilgan.