Davlat soliq xizmati organlari faoliyati shubhali deb topilgan korxonalar reyestridagi 396 ta tadbirkorlik subʼekti bilan amalga oshirilgan bitimlarni oʻrganib chiqish uchun tezkor ravishda kameral soliq tekshiruvlarini oʻtkazmoqda.
Bundan avval, soliq xavfini boshqarish va tahlil qilish natijasida soliqlarni kamroq toʻlash maqsadida, pul mablagʻlarini naqdlashtirish bilan shugʻullanuvchi 396 ta “bir kunlik firmalar” xizmatidan foydalangan 10 mingga yaqin tashkilotlar roʻyxati shakllantirilgan edi. Byudjetga toʻlanmagan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining oʻrnini qoplash maqsadida 396 ta “shubhali” korxona va ularning deyarli 10 mingga yaqin biznes hamkorlarining shaxsiy kabinetlariga 5 kun muddatda inkasso topshiriqnomalari qoʻyilishi boʻyicha xabarnomalar yuborilgan boʻlgan.
Qoʻmita tomonidan har bir hududda ushbu masala boʻyicha ishchi guruhlar tuzilgan.
Hozirgacha shubhali korxonalar bilan “soxta” operatsiyalarni amalga oshirgan 7990 ta tadbirkorlik subʼekti aniqlandi. Ushbu noqonuniy operatsiyalar:
- qurilish sohasida — 35% (201,9 mlrd soʻm);
- savdo sohasida — 25% (467,8 mlrd soʻm);
- ishlab chiqarish sohasida — 18% (96,7 mlrd soʻm);
- xizmat koʻrsatish sohasida — 14% (69,5 mlrd soʻm);
- boshqa yoʻnalishlarda — 8% (83,5 mlrd soʻm)ni tashkil etdi.
Joriy yilning 21 fevral holatiga respublika boʻyicha jami 2534 ta korxonada 534,6 mlrd soʻmlik asossiz hisob (zachet)ga olingan qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) summalariga aniqlik kiritish boʻyicha kameral soliq tekshiruvlari yakunlandi. Natijada:
“Soxta” operatsiyalar faktlari 2238 ta korxonada (498,9 mlrd soʻm) tasdiqlandi:
- qurilishda 943 ta tadbirkorlik subʼekti (93,5 mlrd soʻm);
- savdoda 658 ta tadbirkorlik subʼekti (271,8 mlrd soʻm);
- xizmat koʻrsatishda 293 ta tadbirkorlik subʼekti (30,6 mlrd soʻm);
- ishlab chiqarishda 344 ta tadbirkorlik subʼekti (42 mlrd soʻm);
- boshqa yoʻnalishlarda 154 ta tadbirkorlik subʼekti (60,8 mlrd soʻm).
QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti ayrim hollarda qisman 66 ta korxonada tasdiqlandi (8,1 mlrd soʻm).
QQS summasini toʻgʻri hisob (zachet)ga olinganligi boʻyicha 27,6 mlrd soʻmlik asoslantiruvchi hujjatlar 80 ta korxona tomonidan taqdim etildi. Bunga asosan ortiqcha mablagʻlarni qaytarish yuzasidan tezkor jarayonlar boshlandi.
Kameral soliq tekshiruvlari jarayonida 118 ta korxona tomonidan QQS summasini toʻgʻri hisob (zachet)ga olish bilan bogʻliq boshqa huquqbuzarliklar ham aniqlanib, ularga nisbatan 5,3 mlrd soʻmlik soliqlar qoʻshimcha hisoblandi.
Murojaatlarni koʻrib chiqish davom etmoqda, deyiladi DSQ xabarida.