“Kimyo sohasida ekologik barqaror va innovatsion yechimlarga ixtisoslashgan “Clariant” kompaniyasi Oʻzbekistondagi sanoat korxonalari bilan ishlashda katta tajribaga ega ekanligi, shuningdek, respublika sanoati jadal surʼatlar bilan rivojlanishini hisobga olgan holda Energetika vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, xususan, “Uzbekistan GTL” zavodi bilan uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor”, — dedi “EXPO-2020” butunjahon koʻrgazmasida Oʻzbekiston energetika haftaligi doirasida oʻtkazilgan “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Uzbekistan GTL” zavodi vakillari bilan uchrashuvda “Clariant” ning Myunxendagi vakolatxonasining direktori doktor Ralf Vayspaupt.

“Clariant” kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda yoqilgʻi-energetika va sanoat tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatayotganliklarini, bugungi kunda respublikamizning ulkan salohiyatidan kelib chiqib, Oʻzbekistonda kimyoviy reagentlar va katalizatorlarni ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini puxta oʻrganayotganliklarini taʼkidladilar.

Imzolangan Memorandum doirasida GTL zavodiga zarur kimyoviy mahsulotlarni yetkazib berish sohasidagi hamkorlikning jihatlari belgilab olindi, deb xabar beradi Energetika vazirligi “Oʻzbekneftgaz” AJ maʼlumotiga tayanib.

“Clariant” ixtisoslashtirilgan kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir. U beshta qitʼada 100 dan ortiq guruh kompaniyalari tomonidan faoliyat koʻrsatib, dunyo boʻylab 13 000 ga yaqin xodimlarga ega. Bosh ofisi Shveysariyaning Muttenze shahrida joylashgan.