Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent viloyatining Angren shahrida yashovchi 25 yoshli ayol qo‘lga olingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi Dubay shahrida yashovchi tanishlari bilan jinoyiy til biriktirib, Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida yashovchi 20 yoshli qizga xorijda yuqori maoshli ish taklif qilinganini aytgan va uni chet elga jo‘natishga uringan.

Tergovda aniqlanishicha, aslida jabrlanuvchini Birlashgan Arab Amirliklariga jinsiy ekspluatatsiya maqsadida olib chiqish rejalashtirilgan. Qiz Toshkent xalqaro aeroporti orqali Dubay shahriga jo‘natilayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor choralar ko‘rilib, jinoyatga chek qo‘yilgan.

Shuningdek, jabrlanuvchini Dubay shahrida O‘zbekiston fuqarolaridan biri kutib olishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi ikkinchi qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rmoqda.