Dubay amirligi hukumati dori-darmon va tibbiy buyumlar taqdim etdi

    Salomatlik 20 Avgust 2020 837

    Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik va doʻstona aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yil 24-mart kuni Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi davomida qator sohalar bilan birga tibbiyot yoʻnalishida ham koʻp tomonlama hamkorlik boʻyicha kelishib olingan edi.

    Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Dubay Amirligi hukumatining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati oʻrtasida imzolangan mamlakatimiz tibbiyot muassasalarini qoʻllab-quvvatlash doirasida texnik yordam koʻrsatish boʻyicha oʻzaro kelishuv Memorandumida ham qator masalalarga aniqlik kiritilgan.

    Ushbu Memorandum doirasida kuni kecha Dubay Amirligi hukumati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga umumiy qiymati 723 million soʻmga teng boʻlgan koronavirus infeksiyasini davolashda qoʻllaniladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar taqdim etildi. Ular orasida oʻpkani doimiy ijobiy bosim bilan sunʼiy shamollatish rejimi uchun maxsus niqoblar, tibbiy muolajalarda qoʻllanadigan Enoksaparin natriy va Sefoson eritmalari mavjud.