Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, xalqimizga xos bagʻrikenglik va qoʻllab-quvvatlash ramzi sifatida amalga oshirilgan mazkur tashabbus doirasida 17 ta yuk mashinasida jami 290–300 tonnadan ortiq oziq-ovqat va zarur mahsulotlar Balx viloyatiga yetkazildi.

Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, bugʻdoy, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, oʻsimlik yogʻi, tez tayyorlanadigan oziq-ovqatlar, yarim tayyor goʻsht mahsulotlari (tushyonka), shuningdek, toʻqimachilik mahsulotlari va yirik hajmli suv idishlari oʻrin olgan.

Yuklarni rasman topshirish marosimi Hayraton shahridagi “Astras” kompaniyasi hududida boʻlib oʻtdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oybek Usmonov, Balx viloyati gubernatori oʻrinbosarlari Mavlaviy Abu Idris va Nurulhodiy Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Afgʻoniston rasmiylari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va xalqiga afgʻon xalqiga koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor, amaliy yordam va qoʻllab-quvvatlash uchun samimiy minnatdorlik bildirdi hamda Ramazon hayiti munosabati bilan tabriklar yoʻlladi.

Qayd etilishicha, mazkur insonparvarlik yordami ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va yaqin qoʻshnichilik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.