баннер
29 Mar 2025
23:17

    Dubay shahrida qiyin ahvolda qolgan ayollar Oʻzbekistonga qaytarildi

    Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi koʻmagida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida mushkul ahvolda qolgan uch nafar hamyurtlarimiz Oʻzbekistonga qaytarildi.

    “Dunyo“ AAning xabar berishicha, Bosh konsulxonadan olingan maʼlumotlarga koʻra, vatandoshlarimiz I.X., I.G. va uning voyaga yetmagan farzandi I.M. 2024-yil 22-dekabr kuni yaqin qarindoshining taklifi bilan BAAga kelgan va Dubay shahrida ijara uyga joylashgan. Oʻtgan vaqt mobaynida ular BAAda boʻlish uchun viza rasmiylashtirmasdan noqonuniy yashab kelgan.

    Mehmonlarni BAA taklif qilgan shaxs 23-fevral kuni Qatarga chiqib ketayotganligini aytib, aloqani uzgan. Mart oyi boshida xonadon egasi ijara pulini toʻlash kerakligini, agar ijara puli toʻlanmasa xonadonni tark etishni talab qilib, vatandoshlarimizni koʻchaga haydagan.

    Hamyurtlarimiz bilan suhbat davomida ularning turar uy-joy, oziq-ovqat va vatanga qaytish uchun mablagʻlari yoʻqligi oydinlashdi.

    Bosh konsulxona xodimlari Amirliklardagi «Ayollar va bolalarga yordam koʻrsatish markazi« xayriya tashkiloti va faol vatandoshlarimiz bilan birgalikda yordamga muhtoj yurtdoshlarimizga barcha zarur koʻmak koʻrsatishdi.

    Ularning BAAda noqonuniy yashab kelgan muddatda hisoblangan 2 ming 178 AQSH dollari miqdoridagi qarzdorlik ushbu mamlakatning tegishli organlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ijobiy hal qilindi.

    “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasining BAAdagi vakolatxonasi esa hamyurtlarimizning oilasi bagʻriga qaytishi uchun “Dubay-Toshkent” havo qatnoviga hech qanday toʻlovlarsiz chipta rasmiylashtirib berdi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech