Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Inspeksiya mutaxassislari Ecobozor Beruniy filiali savdo nuqtalarida sotilayotgan ushbu shokoladni tekshirib koʻrgan. Tanlab olingan mahsulotlar sifat koʻrsatkichlarini aniqlash maqsadida “OʻzTest” DM sinov laboratoriyasiga topshirilgan.

Bayonnoma natijalariga koʻra quyidagi nomuvofiqliklar aniqlandi:

  • Mezofil aerob va fakultativ anaerob bakteriyalar (MAFAM), shuningdek, achitqi zamburugʻlarning yuqori darajadagi mavjudligi;
  • Koli guruhidagi bakteriyalar (BGKP) va “Salmonella 25 g” bakteriyasining mavjudligi, bu esa meʼyoriy hujjatlarda qatʼiyan taqiqlangan.

«Bunday koʻrsatkichlar inson salomatligi uchun xavfli boʻlib, ayniqsa, allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin», deyiladi inspeksiya matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, mahsulotning tashqi koʻrinishi ham texnik reglament talablariga javob bermasligi aniqlangan. Xususan, “Oziq-ovqat mahsulotini tamgʻalash yuzasidan xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglamentning tegishli bandlari talablari buzilgan.