Tadbirning ochilish marosimida XKI Rektori Habibulla Tadjiyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi 4881-sonli qaroriga asosan, Kurashni jahonda keng rivojlantirish, ommaviyligi hamda sport arenalaridagi nufuzini oshirish Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganligini alohida qayd etib oʻtdi.
Shu bilan birga, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti janob Haydar Farmon rahnamoligida 130 dan ortiq kurash federatsiyalari uchun bugungi kun talablariga javob beradigan mutaxassislar, murabbiylar, hakamlar, menejerlar va instruktorlarni tayyorlash va qayta tayyorlash uchun koʻplab hakamlik va murabbiylik treninglari, seminarlar tashkil etilayotgani, asosiysi kurashni yaqin kelajakda olimpiada dasturiga kiritish uchun samarali faoliyat olib borilayotganligini taʼkidladi.
Bundan tashqari, tadbirda faxriy mehmon sifatida Oʻzbekiston Respublikasining Dubay va Shimoliy Amirliklardagi Bosh konsuli janob Alisher Salomov ham ishtirok etib, hakamlik seminarining barcha ishtirokchilarini samimiy muborakbod etib, omad tiladi. Sevimli sportimiz Kurashni yaqin kelajakda albatta Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilishiga tilak bildirdi.
Ikki kun davom etgan xalqaro hakamlik seminarida Xalqaro Kurash institutining tajribali mutaxassislari: institut oʻquv boʻlimi mutaxassisi, xalqaro toifadagi hakam Kim Eur Jung, oʻzbek kurashi ustasi, kurash boʻyicha Yoshlar terma jamoasi katta murabbiyi Olim Ravshanov, institut xalqaro boʻlimi mutaxassisi Xurshida Yakupova ishtirokchilarning hakamlik qoidalari va koʻrsatmalari boʻyicha bilimlarini yanada mustahkamlashda yaqindan yordam berdilar.
Oʻquv-amaliy seminarida Saudiya Arabistoni, Quvayt, Iroq, Suriya, Misr, BAA, Tunis kabi Osiyo va Gʻarbiy mintaqadan 20 nafardan ziyod kurash hakamlari qatnashdilar.
Yakunda barcha ishtirokchilarga Xalqaro kurash institutining Xalqaro sertifikatlari topshirildi.
Mazkur xalqaro seminarni tashkillashtirishda PEPSI kompaniyasi yaqindan yordam berdi.
Xalqaro kurash instituti matbuot xizmati