Dubaylik tadbirkorlar Fargʻona meva-sabzavotlariga xaridor

    Biznes 15 Iyun 2021 1159

    Dubay shahrining “Choithrams” supermarketlar tarmogʻi ish boshqaruvchisi janob Moxamad Ali, “Umer Ali Trading” MCHJ rahbari janob Favas hamda “The house of organic” rahbari janob Mujaxid Xusaynlar Fargʻona viloyatiga tashrif buyurdi.

    Viloyat hokimligida viloyat hokimining oʻrinbosari-viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Ergashev dubaylik ishbilarmonlar bilan uchrashdi.

    Muloqotda Fargʻona viloyatining meva va sabzavotlar geografiyasini kengaytirish, Dubay supermarketlariga meva mahsulotlarini olib kirish masalasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama qilindi.

    Shuningdek, mehmonlar viloyatning meva sabzavotchilik xususan, gilos, oʻrik, anor, olma va boshqa mevalarni yetishtirishdagi ilgʻor tajribalar bilan tanishish maqsadida Oltiariq va Quva tumanlarida boʻldi.

    Yakunda ikki tomon vakillari istiqboldagi rejalarni kelishib oldilar, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.