Olti mamlakat vakillari qatnashayotgan ushbu musobaqa joriy yil 21 avgust kuni Vengriya poytaxti - Budapeshtdan boshlandi. Ralli qatnashchilari uch haftadan ortiq vaqt davomida taxminan 9100 kilometr masofani bosib o'tishadi.
Tadbir chog'ida ralli ishtirokchilari Turkiya bosqichi doirasida Istanbul shahridan keyin Bursaga, so'ngra eskishehir, Anqara, Tokat, Ordu, Trabzon, Rize va Artvinga etib borishi ma'lum qilindi.
Marosimda so'zga chiqqan mamlakatimizning Istanbul shahridagi konsuli Sunnatilla Isomov turkiy xalqlar ildizlarining tarixiy birligi, Turk dunyosining mushtarak qadriyatlari xususida atroflicha to'xtalgani barobarida 23 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev ishtirokida Samarqandda bunyod etilgan «Buyuk ipak yo'li» xalqaro turizm markazi ochilganligini ham ma'lum qildi. U mazkur musobaqada ishtirok etayotgan vatandoshimizga ham omad tiladi.
“Dunaydan O'rxungacha bo'lgan Ipak yo'li” rallisi 6-7 sentyabr` kunlari mamlakatimiz orqali Qirg'izistonga etib borganidan so'ng nihoyasiga etadi.