Avvalo, Oʻzbekiston oʻzini ijtimoiy davlat sifatida namoyon etmoqda. Yurtimizda har bir fuqaroning munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu jarayonda oila, mahalla va fuqarolik jamiyati institutlari muhim oʻrin tutadi. Mahalla tizimi orqali aholini manzilli qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish, ehtiyojmand qatlamlarga amaliy yordam koʻrsatish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Natijada insonni himoya qilish va qadrini yuksaltirish amaldagi islohotlar markazidan oʻrin olmoqda.
Mamlakatimizda
ilgari “xalq — davlat uchun” degan qarash ustun boʻlgan boʻlsa, bugun “davlat —
xalq uchun” degan prinsip ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Mahalliy kengashlar
vakolatlarining kengayishi, joylardagi muammolarni hal etishda deputatlar
faolligining ortishi demokratik boshqaruvning muhim belgisidir. Ayniqsa,
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash, rahbar va ilmiy
sohadagi ayollar sonining ortishi jamiyat taraqqiyotining muhim koʻrsatkichiga
aylanyapti.
Keyingi yillarda mamlakatda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay huquqiy
va institutsional muhit yaratilmoqda, soliq imtiyozlari, kredit va subsidiyalar
tizimi takomillashtirilmoqda. Xususan, xotin-qizlar tadbirkorligini
qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar doirasida 1,5 millionga yaqin ayolni
iqtisodiy faollikka jalb etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar qilinyapti.
Yoshlar siyosati
ham yangi bosqichga koʻtarilib, davlatimiz rahbarining yoshlar bilan doimiy
muloqoti, haftaning muayyan kunini yoshlar bilan uchrashuvlarga bagʻishlash
tashabbusi yosh avlod muammolarini toʻgʻridan toʻgʻri hal etishda muhim
ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa inson kapitaliga investitsiya kiritishning amaliy
ifodasidir.
Aholining katta
yoshli qatlami hamda nuroniylarga eʼtibor kuchayib, ularni ijtimoiy
qoʻllab-quvvatlash, sogʻligʻini muhofaza qilish, muntazam tibbiy koʻriklar
tashkil etish tizimli tus oldi. Shu bilan birga, ichki turizmni rivojlantirish
orqali aholining madaniy hordiq chiqarish imkoniyati kengaymoqda. Mahalla,
tashkilot va jamoalarda sayohat hamda ziyorat tadbirlarining muntazam yoʻlga
qoʻyilishi jamiyatda ijtimoiy birdamlik, milliy qadriyatlarni mustahkamlamoqda.
Yosh avlodni Uchinchi Renessans
poydevori sifatida tarbiyalash davlat siyosatining strategik yoʻnalishiga
aylangan. Prezident maktablari, Temurbeklar maktabi, ijod va
ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining tashkil etilishi yoshlarning
intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Olimpiada
gʻoliblarini ragʻbatlantirish, ularni tayyorlagan ustozlarni
qoʻllab-quvvatlash, oʻqituvchi maqomining Konstitutsiya darajasida
mustahkamlanishi taʼlim sohasidagi islohotlarning chuqur mazmunga ega ekanini
koʻrsatadi.
Sport sohasida
erishilayotgan yutuqlar, xususan, shaxmat boʻyicha Javohir Sindorov, Nodirbek
Abdusattorov kabi yoshlarning jahon miqyosidagi muvaffaqiyatlari mamlakatimizda
iqtidorli yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy natijasidir.
“El-yurt umidi”
jamgʻarmasi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga xizmat
qilayotgan strategik institut sifatida namoyon boʻlmoqda. Jamgʻarma doirasida
dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik
yoshlar soni ortib borayotgani, ularning xalqaro ilmiy makonda oʻz oʻrnini
topayotgani inson kapitaliga qaratilayotgan eʼtibor samarasi.
Insonni qadrlash
faqat ijtimoiy himoya bilan cheklanmay, fuqarolarning salomatligi va turmushi
sifatiga doimiy eʼtibor qaratishni ham taqozo etadi. Soʻnggi yillarda aholi
oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faollikni oshirish
va kasalliklarning oldini olishga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar
koʻrilayotgani, piyoda yurishni ommalashtirish, ommaviy yugurish marafonlari,
“10 ming qadam” kabi tashabbuslar odamlarning kundalik hayotiga ezgu odatlarni
kiritishga xizmat qilyapti. Sport infratuzilmasi kengayib, zamonaviy sport
inshootlari barpo etilmoqda, aholi uchun bepul va ommaviy sport maydonlari soni
koʻpaymoqda.
Oʻzbekistonning
xalqaro maydondagi nufuzi va faol tashqi siyosati mustaqillikning eng muhim
amaliy ifodalaridan. 2025-yilda YUNESKOning 43-sessiyasi Samarqand shahrida
oʻtkazilgani nafaqat tarixiy voqea, balki mamlakatimizning tinchliksevar,
bagʻrikeng va ochiq davlat sifatidagi eʼtirofi ifodasidir. Ushbu nufuzli
anjumanda koʻplab davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarining ishtirok
etishi, minglab xorijiy mehmonlarning yurtimizga tashrifi Oʻzbekistonga ishonch
va qiziqish ortib borayotganini koʻrsatadi.
Shu bilan birga,
“C5+1” formatidagi muloqotlar, jumladan, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya,
Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik Oʻzbekiston tashqi
siyosatining koʻp vektorli va pragmatik xarakterga ega ekanini namoyon etmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonchga
asoslangan munosabatlar mustahkamlanayotgani, mintaqadagi davlat rahbarlarining
muntazam uchrashuvlari va qoʻshma tashabbuslari mintaqaviy barqarorlik va
taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda.
Ayniqsa, Markaziy
Osiyo davlat rahbarlarining Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi, ushbu
markazning jahon ilmiy va madaniy merosini oʻrganishdagi ahamiyatini eʼtirof
etishi mamlakatimizning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatiga berilgan yuksak baho
boʻldi. “Kelajak merosi” kabi xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan shaxslar
faoliyatining eʼtirof etilishi esa Oʻzbekistonning global madaniy va
intellektual makondagi oʻrni tobora mustahkamlanayotganini anglatadi.
Keyingi yillarda
turkiy davlatlar bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilib, siyosiy, iqtisodiy
va madaniy aloqalar yanada chuqurlashmoqda. Bu hamkorlik doirasida oʻzaro
madaniy-maʼrifiy tadbirlar, ilmiy forumlar, taʼlim dasturlari faol yoʻlga
qoʻyilgani xalqlarimiz oʻrtasidagi yaqinlikni mustahkamlayapti.
Istiqlol yillarida
Oʻzbekistonda madaniy-maʼnaviy merosni tiklash va jahon tamadduniga uygʻun
holda rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bu
borada Imom Buxoriy majmuasining mutlaqo yangi qiyofada barpo etilishi, Islom
sivilizatsiyasi markazining qurilishi nafaqat diniy-maʼrifiy, balki xalqaro
ilmiy va madaniy ahamiyatga ega ulkan loyihalar sifatida namoyon boʻlmoqda.
Ushbu markazlar orqali islom madaniyati va sivilizatsiyasining haqiqiy insonparvarlik
mohiyatini dunyo jamoatchiligiga yetkazish imkoniyati kengaymoqda.
Shu bilan birga,
buyuk ajdodlarimiz merosini ulugʻlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Amir Temur tavalludining 690-yilligi, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad
Bobur kabi allomalar yubileyining keng nishonlanishi milliy oʻzlikni anglash,
tarixiy xotirani mustahkamlash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida
tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tadbirlar orqali Oʻzbekiston
oʻzining boy tarixiy va madaniy merosini nafaqat ichki, balki xalqaro miqyosda
ham keng targʻib etmoqda.
Oʻzbekistonning
maʼnaviy-maʼrifiy salohiyati xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilmoqda. Xususan,
2026-yil 13-aprel kuni Islom sivilizatsiyasi markazi dunyodagi eng yirik islom
sivilizatsiyasi muzeyi nominatsiyasi boʻyicha “Ginnessning rekordlar
kitobi”ning rasmiy rekordiga sazovor boʻldi. Tantanali taqdirlash marosimida
Ginness rekordlari tashkilotining rasmiy vakili, sudya Sheyda Subasi ishtirok
etib, markaz barcha xalqaro mezon va standartlarga toʻliq javob berishini
tasdiqladi.
Bu markaz
davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan yirik loyiha boʻlib,
yangi Oʻzbekistonning gumanitar qiyofasini shakllantirish, milliy oʻzlikni
mustahkamlash hamda mamlakatimizni jahon miqyosida islom sivilizatsiyasining
muhim markazlaridan biri sifatida namoyon etishga xizmat qilmoqda. Eʼtiborli
jihati, markaz tuzilmasida Qurʼoni karim zali alohida oʻrin tutadi. Unda eng
qadimiy muqaddas qoʻlyozmalardan biri — Usmon Musʼhafi joy olgan, u YUNESKOning
“Jahon xotirasi” reestriga kiritilgan.
Yurtimizda ziyorat turizmiga
eʼtiborning ortishi, Xiva, Samarqand, Buxoro va Shahrisabz kabi qadimiy
shaharlarga keluvchi sayyohlarning keskin koʻpayishi, tarixiy obidalarning
tiklanishi va zamonaviy infratuzilmaning yaratilishi mamlakatimizning turizm
salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Ayniqsa, tezyurar
poyezdlar qatnovining yoʻlga qoʻyilishi, qulay transport va servis
xizmatlarining kengayishi ichki va tashqi turizm rivojiga kuchli turtki
bermoqda.
Shu kunlarda
yurtimizning qaysi hududiga bormang, yangilanish ruhini, zamonaviy yondashuv va
eng muhimi, odamlar qalbidagi oʻzgarishni his etasiz. Xalqning koʻzida quvonch,
qalbida esa ertangi kunga mustahkam ishonch mujassam. Bu ishonch islohotlar
samarasi, davlat va jamiyat oʻrtasidagi ishonch mustahkamlanayotganidan
dalolat.
Xalq xotirasini
ulugʻlamay turib, kelajagini mustahkam qurib boʻlmaydi. Shu maʼnoda, Shahidlar
xotirasi maydoni va muzeyi, Gʻalaba bogʻi va betakror majmualari vatanparvarlik
ruhini uygʻotadigan, tarixiy haqiqatni yosh avlod ongiga singdiradigan
maskanlar sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu yerda fidoyi
ajdodlarimizning hayoti, jasorati va burchga sadoqati namoyon boʻladi.
Aynan ana shu
yodgorliklar orqali inson qadri gʻoyasi oʻtmish, bugun va kelajak oʻrtasidagi
maʼnaviy koʻprikka aylanmoqda. Bu esa mustaqillikning mohiyati faqat iqtisodiy
yoki siyosiy rivojlanishda emas, balki maʼnaviy xotira va tarixiy adolatni
tiklashda ham mujassam ekanini koʻrsatadi.
Bugun madaniy
merosni asrab-avaylash va zamonaviy taraqqiyot bilan uygʻunlashtirish
Oʻzbekistonning jahon tamadduniga integratsiyalashuvida muhim omil boʻlmoqda.
Bu nafaqat oʻtmishga hurmat, balki kelajakka ishonch ramzidir.
Qonun talablariga
rioya qilmagan, biroq oʻz qilmishining huquqqa xilofligini anglab yetgan hamda
tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslarga insonparvar yondashuvning
qoʻllanishi, ularga oilasi bagʻriga qaytish va jamiyatga ijtimoiy moslashish
imkoniyati berilishi oʻzbek xalqiga xos kechirimlilik, rahmdillik va bagʻrikenglik
kabi azaliy qadriyatlarning amaldagi ifodasi.
Mamlakatimizda har yili amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlar qabul
qilinmoqda. Bu kabi choralar jamiyatda insonparvarlik tamoyillarini
mustahkamlash, fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash va oilaviy qadriyatlarning yanada
yuksalishiga xizmat qiladi.
Mustaqillik
Oʻzbekiston uchun faqat tarixiy voqea emas, balki jahon taraqqiyotiga
integratsiyalashuvning mustahkam poydevori boʻldi. Inson qadrini ulugʻlash,
ijtimoiy adolatni taʼminlash, iqtisodiy erkinlikni kengaytirish va yosh avlodni
qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar mamlakat taraqqiyotining barqaror va
uzluksizligini taʼminlamoqda.
Feruza MUHIDDINOVA,
yuridik fanlar doktori