2020-yilga kelib, fanning globallashuv koʻrsatkichi juda ham yuqorilab ketdi. Bu shuni anglatadiki, hozirgi zamon olimlari dunyoning qaysi nuqtasida boʻlmasin, oʻzaro hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Bunga misol qilib, fan eng jadal rivojlanayotgan Yevropa mamlakatlari, AQSH, Kanada, Xitoy, Yaponiya kabi davlatlarni keltirish mumkin. Shu bois, fanda yuksak marralarga erishish uchun ular bilan hamkorlikda ishlash zarurati mavjud.
Astrofizika sohasida Germaniya, umuman, Yevropa mamlakatlari olimlari bilan oxirgi 20 yilda faol hamkorlik qilib kelyapmiz. Ular orasida Frankfurt shahridagi Gyote universitetini alohida koʻrsatish mumkin. Bu universitet olimlari bilan birga oxirgi 7-8 yilda dunyoning eng nufuzli jurnallarida koʻplab ilmiy maqolalar chop etishga erishdik.
Oʻtgan yili Frankfurt shahrida Gyote universitetining 100-yillik yubileyi boʻlib oʻtdi. Unda mehmon sifatida ishtirok etdik. Shunda soʻzga chiqqan taniqli olimlar “Universitetimiz 1914-yili tashkil etilganiga qaramay, Germaniyadagi eng yosh oliy taʼlim muassasalaridan biri”, deb aytdi. Bu gapni eshitib, juda xafa boʻlgan edim. Chunki Oʻzbekiston ilmfani dunyo miqyosida eng qadimiy va boy tarixga ega boʻlishiga qaramay, yurtimizda Germaniyadagi shu universitet bilan tengdosh oliy oʻquv yurti yoʻq edi.
Bugun oʻtmishdagi mana shu xatolar bartaraf etilmoqda. Ayniqsa, oxirgi 5-6 yilda mamlakatimizda, xususan, taʼlim va ilmiy sohalarda juda katta oʻzgarishlarga guvoh boʻldik. Xususan, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga kirishilgani tarixiy mavqeimizni tiklash yoʻlidagi salmoqli qadamdir.
Alloma bobomizning kashfiyoti
Birinchi Renessans davrida Oʻzbekiston tabiiy fanlar beshigini tebratgan mamlakat sifatida tan olingan. Yaqinda Gʻarbda dunyo taraqqiyotiga hissa qoʻshgan eng buyuk oʻnta gʻoya eʼtirof etildi. Unga koʻra, Abu Ali ibn Sino bobomiz impuls saqlanish qonuni va fizikaning asoschisi sifatida qayd etilgan. Demak, har bir kosmik kemaning fazoga uchishi negizida ajdodimizning gʻoyasi yotibdi.
Taʼkidlash kerakki, teleskop ixtirosiga qadar beshta oʻta yangi yulduz kuzatilgan. Ulardan birini 1006-yili Abu Ali ibn Sino aniqlagan. Bu yulduz allomaning nomi bilan atalgan. Shu maʼnoda, yangilanayotgan Oʻzbekiston bilan hamnafas tarzda 2016-yildan boshlab dunyo astronomiyasida ham tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Oxirgi besholti yilda olamshumul kashfiyotlar qilindi.
Bunga birgina misol 1918-yili Eynshteyn tomonidan bashorat qilingan gravitatsion toʻlqinning mavjudligidir. Uni qayd qilish uchun deyarli yuz yil ketdi. 2016-yilda ikkita qora tuynuk toʻqnashuvi natijasida hosil boʻlgan gravitatsion toʻlqin qayd etildi. Shu yildan boshlab bizda yangi astronomiya, gravitatsion toʻlqinlar astronomiyasi paydo boʻldi. Bunday yangi yoʻnalish hech qachon boʻlmagan. 2017-yilda esa ikkita neytron yulduzning toʻqnashuvi natijasida gravitatsion toʻlqin kuzatildi.
Bu kimyo sohasidagi koʻplab dolzarb savollarga javob berdi. Yaʼni shu paytgacha uran, platina, oltin kabi ogʻir elementlar qanday paydo boʻlganiga javob yoʻq edi. Endi maʼlum boʻldiki, bunday ogʻir elementlar neytron yulduzlarning toʻqnashuvidan paydo boʻlgan. Asosiysi, yangi astronomiya sohasi yaratildi. Bu koʻp kanalli astronomiyaga aylantirildi. U bitta obyektni ham elektromagnit, ham gravitatsion spektrda kuzatish imkonini beradi.
Endi gravitatsion astronomiya, koʻp sohali astronomiya, rentgen astronomiyasi yoʻnalishlarida tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu Oʻzbekiston uchun yangi soha boʻlib, hozir rentgen teleskoplaridan olingan maʼlumotlar ishlatilmoqda. Nobel mukofoti yangilangan astronomiya sohasidagi yutuqlar uchun ketmaket berildi. Bunday astronomiyaning yaratilishiga yosh olimlarni jalb etgan holda munosib hissamizni qoʻshdik va dunyo astronomiya xaritasida oʻz oʻrnimizni egalladik.
Eʼtibor va ragʻbatdan kuch olgan ilm
Prezidentimiz ilm-fanni rivojlantirishga, najot ilmda ekaniga koʻp bor eʼtibor qaratadi. Shuning uchun ilm-fanni moliyalashtirish tartibi tubdan oʻzgardi. Masalan, bazaviy moliyalashtirish natijasida oylik maoshlar davlat byudjetidan qoplanadigan boʻldi. Oldin loyihalar hisobidan boʻlar edi. Bundan tashqari, ilmiy daraja uchun ham ustamalar berilmoqda. Har bir doktorant va tayanch doktorantlarga ham qoʻshimcha haq toʻlanyapti.
Ilm-fanga qaratilayotgan eʼtibor va ragʻbatning oʻzi ilmiy kadrlar uchun katta dalda. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga davlat byudjetidan 32 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratildi. Mablagʻning asosiy qismi ilmiy-tadqiqot institutlari moddiytexnik taʼminotini yaxshilashga sarflanadi. Salkam 1,6 million AQSH dollari astronomik tadqiqotlar uchun yoʻnaltirilgan.
Hozir institutimiz binosi qayta taʼmirlandi. Koinotdan yuqori aniqlikdagi tasvirlar olish maqsadida tez orada zamonaviy CCD kamera xarid qilinadi. Prezidentimiz xalqaro doiralarda Maydanak observatoriyasiga 4 metrli teleskop oʻrnatilishini ham aytgandi. Ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun toʻkis sharoit, zamonaviy infratuzilma kishi kayfiyatiga, shubhasiz, ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Devorlari nurab borayotgan, tomidan chakka oʻtayotgan xonada oʻtirib ishlash qayoqda-yu, qulay sharoitda ilm bilan shugʻullanish qayoqda. Bunday yangilanishlardan bahramand boʻlish asnosida shu mamlakatga kerakligingni, qadr-qimmating balandligini his qilasan. Olimdan talab qilinayotgani esa bitta — izlanish va oʻz ustida ishlashni toʻxtatmaslik!
Yosh olimlar fanning lokomotividir
Bugun guruhimizda asosiy ilmiy tadqiqotlar yoshlar tomonidan olib borilmoqda. Fan doktorlari qatlami ancha yoshardi va ular haqiqiy fan olimlariga aylanmoqda. Masalan, guruhimizda Ahmadjon Abdujabborov 31 yoshda, Arman Tursunov 29 yoshda, Askar Abdikamolov 28 yoshda, Baxtiyor Narzilloyev esa 27 yoshda fan doktori, Bobir Toshmatov 33 yoshda fizika-matematika fanlari doktori boʻldi. Hozir yana uch yosh xodimimiz — Javlon Rayimboyev, Sanjar Shaymatov va Shuhrat Mardonov fizika-matematika fanlari doktori boʻlish arafasida.
Aytish kerakki, 27 yoshda fan doktori boʻlgan inson shu mamlakatga 50 yil xizmat qiladi. Yosh olimlar ragʻbatlantirilmoqda. Masalan, Baxtiyor Narzilloyevga 3 yilgacha oyligidan tashqari bazaviy hisoblashning 75 barobari miqdorida ragʻbat puli beriladi. Yoshlar yangiliklarni tez oʻzlashtiradi. Ayni paytda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan malaka oshirishga yoʻllanma uchun tanlovlar eʼlon qilinmoqda.
Guruhimizdan 5 nafar yosh olim bu yil Innovatsion rivojlanish vazirligining malaka oshirish yoʻllanmasi grantini yutib oldi. Avvallari stajirovka xarajatini faqat chet ellik hamkorlarimiz koʻtarar edi. Endi esa bunday malaka oshirish safari byudjet hisobidan tashkil etilmoqda. Prezidentimiz oliy taʼlim muassasalarini ilgʻor mingtalik reytinglarga kiritishni talab qilmoqda. Chunki dunyoda ilm-fan va taʼlim bozori shakllandi. Shu bozorda oʻz oʻrnimizga ega boʻlishimiz kerak.
Biz tashqaridan talaba jalb qilsak, investitsiya kirib keladi. Ikkinchi tomondan, fundamental fan bor joyda rivojlanish boʻladi. Masalan, qoʻlimizdagi telefonsiz bugun hayotni tasavvur eta olmaymiz. Chunki axborot shu darajada koʻpayib ketganki, undan foydalanish tobora qiyinlashib bormoqda. Ilgari astronomiyada teleskoplardan olingan maʼlumotlar judayam katta hajmda saqlanar edi. Hozir esa oddiygina telefon orqali ularni boshqarishimiz mumkin.
Ilm-fan hamkorlikka tayanadi
Ayni paytda fan tubdan oʻzgardi. Eʼtibor qilgan boʻlsangiz, XX asrda fan individual olimlar tomonidan rivojlantirilgan. Shredinger, Eynshteyn kabi olimlar yakka holda ishlagan. Hozir esa bitta qora tuynukning suratini olish uchun oʻn minglab olim ishlamoqda. Chunki fan jamoaviy boʻlib qoldi. Bejiz bu misolni keltirmadik. 1420-yilda Samarqandda mutafakkir olim Mirzo Ulugʻbek boshchiligida ilk bor talabalarga ilm berish va ilmiy ishlar olib borish uchun yetakchi olimlar jamoasi tashkil etilgan.
Ulugʻbek koʻplab olimni “Ziji jadidi Koʻragoniy”ni tuzish uchun jamlagan. Buning natijasida esa jahon durdonalaridan biri boʻlgan “Ziji jadidi Koʻragoniy” ilm-fanning yuzi boʻlib qoldi. Hozir hamkorlikda ishlamasak, bizni hech kim eʼtirof etmaydi. Boshqalar tanishi, tan olishi uchun ham xorijlik nufuzli olimlar bilan ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kerak.
Shu maʼnoda, Astronomiya instituti nazariy va relyativistik astrofizika yoʻnalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijasida mustahkam xalqaro aloqalar oʻrnatmoqda. Ilmga chanqoq yoshlarni nazariy astrofizika sohasiga jalb etish orqali kompakt obyektlar atrofidagi astrofizik jarayonlarni tadqiq etish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Ushbu boʻlim asosan 35 yoshgacha boʻlgan yosh olimlar va tadqiqotchilardan iborat boʻlib, ular xalqaro ilmiy hamkorlikda faol ishtirok etmoqda. Ushbu yoʻnalishda ilmiy tadqiqotlar qilgan yosh olim Farrux Fattoyev AQSHning turli nufuzli universitetlarida ilmiy faoliyat yuritdi. U Florida davlat universitetida falsafa doktori ilmiy darajasini qoʻlga kiritganidan soʻng Texas, Indiana shtatlaridagi davlat universitetlarida ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Uning ilmiy ishlari neytron yulduzlarning ichki strukturasini tadqiq etishdan iborat.
Shuningdek, AQSHning Kaliforniya texnologik institutida yosh olimimiz Ernazar Abdikamolov kompakt obyektlarning oʻzaro toʻqnashuvi natijasida hosil boʻluvchi gravitatsion toʻlqinlarning toʻlqin shakllarini olish boʻyicha raqamli hisoblash va ularni tahlil etishga asoslangan ilmiy tadqiqotlar qildi. Astronomiya institutining yosh olimlaridan biri, fizika-matematika fanlari nomzodi Viktoriya Morozova AQSHning Kaliforniya texnologik instituti, Prinston universiteti, Germaniyaning Maks Plank instituti, Bremen universitetida umumiy nisbiylik nazariyasi doirasida kompakt obyektlar atrofidagi elektromagnit jarayonlar, pulsar (tez aylanuvchi magnitlangan neytron yulduz)lar magnitosferasidagi energetik jarayonlar tadqiqoti boʻyicha hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni davom ettirmoqda.
Germaniyaning Bremen va Oldenburg universitetlarida qora tuynuklar atrofida sinov zarralarining harakati tadqiqotiga bagʻishlangan ilmiy izlanishlarda Astronomiya institutining yosh olimlari Valeriya Kagramanova va Sardor Tojiyev faol ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, Astronomiya institutining nazariy fizika laboratoriyasi Hindistonning Puna shahrida joylashgan Astronomiya va astrofizika boʻyicha universitetlararo markaz (IUCAA) bilan ham uzoq yillik aloqalarga ega. Nazariy fizika boʻlimidagi koʻpgina yosh olimlar oʻzlarining xorijdagi ilmiy hamkorligini oʻsha yerdan boshlagan.
Xususan, 2018-yilda Jahon fanlar akademiyasiga kaminaning haqiqiy aʼzo, fizika-matematika fanlari doktori Ahmadjon Abdujabborovning yoshlar seksiyasi aʼzosi etib saylanishida IUCAAning maʼnaviy va ilmiy qoʻllab-quvvatlovi muhim oʻrin tutgan. Shu oʻrinda boʻlimimizga doimiy ravishda moddiy koʻmak berib kelayotgan Italiyaning Triyest shahridagi Xalqaro nazariy fizika markazini ham taʼkidlab oʻtish joiz.
Yosh tadqiqotchilarimiz xorijda ham tan olinyapti
Astronomiya institutining nazariy astrofizika boʻlimi Chexiyaning Opava shahridagi Sileziya universiteti bilan ham mustahkam ilmiy aloqalar oʻrnatgan. Institutimizning ikki yosh olimi ushbu universitetga maqsadli doktoranturaga joʻnatildi. 2018-yilda ikkisi ham falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi.
Ularning diplomi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan nostrifikatsiya ham qilindi. Xitoyning Shanxay shahridagi Fudan universiteti dunyo universitetlari xalqaro reytingida 32-pogʻonani egallaydi. Astronomiya institutining bir guruh olimlari ushbu universitet bilan hamkorlik qilayotganini ham aytish joiz. Xususan, fizika-matematika fanlari doktori Ahmadjon Abdujabborov Fudan universiteti professori Kosimo Bambi va uning ilmiy guruhi bilan soʻnggi ikki yilda doimiy ilmiy hamkorlik qilmoqda.
Astronomiya institutining ikki nafar yosh tadqiqotchisi Fudan universitetiga maqsadli doktoranturaga joʻnatildi. Ular u yerda rentgen manbalardan olingan maʼlumotlarni qayta ishlash va gravitatsiya nazariyalarini tekshirish maqsadida turli modellarni yaratish boʻyicha ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Shuningdek, u yerda yosh olimlarimiz muqobil gravitatsiya nazariyalarini tekshirish, ulardagi parametrlarga turli chegaraviy qiymatlar olish boʻyicha ham ilmiy izlanishlar qilyapti. Astronomiya institutining nazariy astrofizika boʻlimi mahalliy loyihalardan tashqari xalqaro loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda.
Xususan, institut yosh olimlari Germaniyaning DAAD, Volkswagen Stiftung, DFG, Italiyadagi ICTP, ICRA, TWAS, SNR, INFN, Yevropaning ERC, Erasmus+ jamgʻarmalarining turli grant va mukofotlarini qoʻlga kiritgan. Oʻzbekistonda ilm-fanga, xususan, yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani barcha yigit-qizlar qatori Astronomiya institutining yosh olimlari uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Tarixan astronomiyaning yuragi boʻlgan Oʻzbekiston zaminida zamonaviy astronomiya va astrofizika fanining rivojlanishida yoshlarning hissasi salmoqli boʻlmoqda. Orttirilgan yangi bilimlar, olingan ilmiy natijalar, erishilgan yutuqlar, zabt etilgan marralar Astronomiya instituti yoshlarining astronomiya va astrofizika fanini rivojlantirishda qilinishi kerak boʻlgan va rejalashtirayotgan ulkan ishlarining bir qismidir.
Umid qilamizki, yosh olimlar va mutaxassislar ushbu sohada yangidan-yangi ilmiy natijalarga erishib, Mirzo Ulugʻbek, Abu Ali ibn Sino kabi bobolarimiz izidan borib, Oʻzbekiston nomini dunyoga tanitishda davom etadi.