Oʻzbekistonning Qohira shahridagi elchisi Mansurbek Qilichev Arab davlatlari uyushmasi Bosh kotibi Ahmad Abulgeyt bilan uchrashdi.

Suhbatda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida roʻy berayotgan eng muhim voqealar, jumladan konstitutsiyaviy islohotlar, Bosh qomusimizga kiritilishi kutilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati, konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha davom etayotgan umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida soʻzlab berildi.

Ahmad Abulgeyt taqdim etilgan maʼlumotlar uchun minnnatdorlik bildirdi. Uning fikricha, Oʻzbekiston olib borayotgan ichki va tashqi siyosatni arab davlatlari yuqori baholaydi. Tinchlik va osoyishtalik Yaratgan tomonidan taqdim etilgan oliy neʼmatlardan boʻlib, uni asrab-avaylash va saqlash orqali davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida izchil taraqqiyotga erishilishi taʼminlanadi.

Uchrashuv davomida Shanxay hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari uyushmasi oʻrtasida hamkorlikka oid memorandumni imzolashga tayyorlik yana bir bor taʼkidlandi.

Suhbatdosh nafaqat arab-musulmon olamida, balki butun dunyoda umumeʼtirof etilgan ulamolar Vatani boʻlmish Oʻzbekistonga boʻlgan katta qiziqishi va yuksak hurmatini izhor qildi.