Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi belgilandi. Mazkur konsepsiyaga koʻra, professor-oʻqituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar, bakalavriat va magistratura talabalarining maqolalarini obroʻga ega, impakt-faktori yuqori boʻlgan xalqaro ilmiy jurnallarda chop etishni taʼminlash, maqolalarning iqtibos koʻrsatkichlarini oshirish, shuningdek, respublika ilmiy jurnallarini bosqichma-bosqich xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasiga kiritish zarurati qayd etildi.
YUNESKO maʼruzasiga koʻra, hozirgi kunda dunyo olimlarining 33 foizinigina ayollar tashkil qiladi. Ayollarning ilmiy salohiyatini oshirishga OTM oʻqituvchilari va aspirantlarining ilmiy tadqiqot oʻtkazish koʻnikmalarini oshirish hamda ilm-fanda gender tengsizligini qisqartirish orqali erishish mumkin. Ammo aksariyat OTMlar uchun ilmiy faoliyat sifatini oshirish, Scopus hamda Web of Science bazalarida qayd etiladigan akademik jurnallardagi ilmiy maqolalarni koʻpaytirish va xalqaro taʼlim reytinglariga kirish dolzarb masala boʻlmoqda.
Harakatlar strategiyasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga koʻra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, ERGO Analytics tadqiqotchilik kompaniyasi bilan hamkorlikda BMTTD “Davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi yoʻlga qoʻyildi.
Mazur loyiha jamiyatimizdagi ayol olimlar uchun ingliz tilida ilmiy maqolalarni yozish koʻnikmasini rivojlantirishga oid bepul vebinarlar seriyasini taqdim etiladi. Dasturda qatnashish istagidagi ayollar loyiha sayti (http://hive.courses/) orqali roʻyxatdan oʻtib, ariza qoldirishi lozim.
Vebinarlarni AQSH va Yevropaning yetakchi universitetlarining mashhur olimlari oʻtkazadi. University of Southampton (Buyuk Britaniya), Princeton University (AQSH), University of Pittsburgh (AQSH) va University of Varna (Bolgariya) olimlari shular jumlasidan.
Raufxon SALOXOJAYEV,
“ERGO analytics” kompaniyasi rahbari,
iqtisod fanlari boʻyicha falsafa doktori,
“Shuhrat” medali sohibi