Uni O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'ja ochib berdi. SHundan so'ng O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov so'zga chiqib, jadid maktabini o'rganish har bir jurnalist uchun zarur ekani hamda bu borada hamkorlikda ishlash lozimligini ta'kidladi.
Konferentsiyada Amsterdam mintaqaviy, transmilliy va Evropa tadqiqotlari maktabi (ARTES), AQShdagi O'rta Sharq tadqiqoti markazi, Kanadadagi Karlton universiteti Evropa, Rossiya va Evroosiyo tadqiqotlari instituti, Germaniyaning Fridrix Shiller nomidagi universiteti, Turkiyaning Ankara universiteti, Ozarbayjondagi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti professor-o'qituvchilari, tadqiqotchi-mutaxassislari o'z ma'ruzalari bilan qatnashdi.
Mazkur tadbir O'zbekistonda jurnalistika va kommunikatsiyalar sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining sifati va samaradorligini oshirish, O'zbekistonda mass-media sohasida izlanayotgan yosh olim va tadqiqotchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, shuningdek, Mahmudxo'ja Behbudiy merosini o'rganishda mahalliy va xorijiy olimlar o'rtasida o'rnatilgan ilmiy aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.
Konferentsiya “Mahmudxo'ja Behbudiy merosi” va “Jadid matbuotini o'rganishning dolzarb masalalari” nomli sessiyalarda o'z ishini olib bordi.
Har yili o'tkazish an'anaga aylanib borayotgan ushbu konferentsiya haqiqiy ma'noda o'zaro fikr almashish, yangi bilimlarni o'zlashtirish maydoniga aylangani hamda geografik jihatdan kengaygani bilan ahamiyatli bo'ldi.
Tadbir so'nggida universitet va Turkiy tilli davlatlar jurnalistlar uyushmasi o'rtasida hamkorlik qilish to'g'risidagi kelishuv imzolandi.
Ma'lumot o'rnida aytib o'tish joizki, Prezident tashabbusi bilan O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun Mahmudxo'ja Behbudiy nomidagi stipendiya ta'sis etilgan.