Intellektual salohiyati baland yoshlar mamlakat taraqqiyotini harakatga keltiruvchi kuchdir. Shu bois, bugun yurtimizda iqtidorli yoshlarga islohotlarning faol ishtirokchisi, innovatsion gʻoyalarning dadil tashabbuskori, millatimizning “oltin fondi” sifatida qaralmoqda.

Imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanayotgan yigit-qizlar esa oʻzini ilm-fanda yetakchi kuch sifatida namoyon eta olyapti. Bu ularga qaratilgan eʼtibor va yaratilgan shart-sharoit bilan bevosita bogʻliq.

Yaqinda BAA boʻlib oʻtgan 34-Xalqaro biologiya olimpiadasida  va Yaponiyaning Chibo shahrida oʻtkazilgan 64-Xalqaro matematika olimpiadasining har birida yurtimiz terma jamoasi 3 tadan bronza medalni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, Yaponiya mezbonlik qilgan 53-Xalqaro fizika olimpiadasida ham terma jamoamiz bitta bronza medalga sazovor boʻldi.

Natijalar shu bilan toʻxtab qolgani yoʻq. Oʻzbekiston farzandlari salohiyati, iqtidorini dunyo arenalarida munosib namoyish etishda davom etyapti. Natijalar salmogʻi va darajasi tobora yuksalib boryapti. Xususan,  16–25-iyul kunlari Shveysariyada 90 ga yaqin davlatdan 350 nafarga yaqin oʻquvchi ishtirok etgan 55-Xalqaro kimyo olimpiadasida vakillarimiz 2 oltin, 1 ta kumush va 1 ta  bronza medalini qoʻlga kiritgani fikrimizga dalildir.

Zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlishni bugun davrning oʻzi taqozo etmoqda. Yurtimizda millat taqdiri, mamlakat kelajagiga bevosita daxldor boʻlgan yoshlar masalasi, taʼlim sohasiga qaratilayotgan eʼtibor zamirida ana shu maqsad mujassam.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bunga puxta zamin yaratdi.

Qarorga muvofiq, xalqaro fan olimpiadalarida oltin medal olgan oʻquvchi bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobari (165 million soʻm), ustozi 450 barobari (148,5 million soʻm), kumush medal olsa, bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobari (99 million soʻm), ustozi 250 barobari (82,5 million soʻm) hamda bronza medal uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobari (66 million soʻm), ustozi 150 barobari (49,5 million) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Mamlakatimizda fan olimpiadalari uchun ajratilgan mablagʻlar 2019-yilda 800 million soʻmdan koʻproqni tashkil qilgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich salkam 10 barobarga, yaʼni qariyb 8 milliard soʻmga yaqinlashgan. Bunday eʼtibor va ragʻbatdan kuch olgan oʻquvchilar nufuzli fan olimpiadalarida faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritib, yurtimiz dovrugʻini taratayotgani bilan haqli ravishda faxrlansak arziydi.

Azizbek NAZAROV, 55-Xalqaro kimyo olimpiadasi oltin medali sovrindori:

— Shveysariyada oʻtkazilgan 55-Xalqaro kimyo olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritish oʻz-oʻzidan boʻlmadi. Bu bellashuvga ikki yilga yaqin vaqt davomida tayyorgarlik koʻrdik. Ustozlarimning saʼy-harakati, mehnati alohida eʼtirofga munosib. Olimpiadaga tayyorgarlik paytida maktab darsliklaridan tashqari universitet fan dasturiga oid bilimlarni oʻrganishga harakat qildik. Xalqaro darajadagi turli mavzularni oʻzlashtirdik. Xullas, ikki yil nazariy va amaliy jihatdan kuchli tayyorlandik. Astoydil qilingan saʼy-harakat zoye ketmadi. Bugun natijani koʻrib turibmiz.

Olimpiadada butunlay oʻzga muhitga tushib qolgandek boʻldik. Birinchi turda berilgan 10 ta masalaning murakkablik darajasi ancha yuqori edi. Buning uchun 5 soat biroz kamlik qiladi. Lekin biz vaqtdan unumli foydalangan holda nazariy bosqichni muvaffaqiyatli yakunladik. Laboratoriyada uchta qismdan iborat katta masala berildi. Laboratoriya ishi biroz vaqt oladi. Shunday boʻlsa-da, tezlik bilan masalalarni yechishga harakat qildik va bu bosqichni ham yaxshi uddaladik.

Olimpiadaga 90 davlatdan saralangan, eng kuchli oʻquvchilar kelgani bizni biroz hayajonga soldi. Lekin xalqimizning ishonchi va umidi zimmamizdagi masʼuliyatni oshirdi. Aslida xalqaro darajadagi masalalarni koʻp yechganmiz. Shu bois hayajonni bemalol yenga oldik. Shunday qilib nazariy bosqichni ham, laboratoriya bosqichini ham muvaffaqiyatli uddaladik.

Men uchun xalqaro olimpiadada ishtirok etishning oʻzi katta gap edi. Nafaqat ishtirok etish, balki unda oltin medalga sazovor boʻlish insonga oʻzgacha hissiyot berarkan. Ayniqsa, ism-familiyam, davlatimiz nomi eʼlon qilinganida qanchalik gʻurur tuyganimni soʻz bilan ifodalay olmayman. Kelgusida tibbiyot yoʻnalishida oʻqishni rejalashtiryapman. Sohaga yangilik kiritish, rivojlantirish niyatim bor.

Abdulloh MAHMUDOV, 55-Xalqaro kimyo olimpiadasi oltin medali sovrindori:

— Bundan oldin boshqa xalqaro olimpiadalarda ham qatnashganman. Bu bellashuv ancha yuqori saviyada oʻtdi. Albatta, olimpiadaning eng hayajonli nuqtasi imtihon jarayoni va yopilish marosimi. Oltin medalga sazovor boʻlganimiz eʼlon qilingan payt juda quvonchli va esda qolarli lahzalardan boʻldi. Undagi tuygʻuni ifodalash qiyin, faqat jarayonda his qilish mumkin. Singapur, Xitoy, Rossiya, Vyetnam kabi davlatlardan kelgan tengdoshlarimizning bilimi ham aslo kam emasdi. Lekin ayni shu bellashuvda erishilgan muvaffaqiyat bizni ilgʻor mamlakatlar oʻntaligiga olib kirdi. Bu ham katta natija.

Gʻalabaning asosiy omili tayyorgarlik jarayoniga bogʻliq. Musobaqaga hozirlik koʻrishimiz uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda darsdan tashqari nufuzli xalqaro olimpiadalarga tayyorlovchi guruh biriktirildi. Tajribali va bilimli ustozlarimiz deyarli har kuni biz bilan shugʻullandi. Bu jarayon hatto bayram kunlari ham ertalabdan kechgacha davom etardi. Bugun ustozlarimizning mehnati va ulardan olgan bilimimiz samarasini koʻrib turibmiz.

Shahzoda HAKIMOVA, 55-Xalqaro kimyo olimpiadasi kumush medali sovrindori:

— Olimpiada juda hayajonli oʻtdi. Aslida masalalar uncha qiyin emasdi. Ammo vaqt kamlik qildi. Shunga qaramay, bellashuvda muvaffaqiyatli ishtirok etdik.

Juda koʻp olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etganman. Shunday nufuzli musobaqaga tayyorlanishimiz uchun yaratilgan sharoit uchun Prezidentimizdan, ustozlarimdan, meni doim qoʻllab-quvvatlab turgan ota-onamdan minnatdorman.

Men tahsil olgan Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda kimyo fani chuqur oʻqitiladi. Ustozlarimiz kimyoning nechogʻliq jozibador fan ekanini mahorat bilan oʻrgatadi. Maktabimizda zamonaviy laboratoriya ishlari oʻtkazish uchun yetarli sharoit yaratilgan. Men olimpiadalarda erishayotgan natijalarimizni mamlakatimizda taʼlim sohasiga qaratilgan eʼtiborning samarasi, deb bilaman. Ana shu eʼtiborga javoban yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshish, shu yoʻlda tinmay oʻqish, izlanish oliy maqsadim boʻlib qoladi.

Javohir SULTONOV, 53-Xalqaro fizika olimpiadasi bronza medali sovrindori:

— Shu yilning 10–17-iyul kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida 91 mamlakatdan 400 nafardan ortiq oʻquvchi ishtirok etgan 53-xalqaro fizika olimpiadasida bronza medalni qoʻlga kiritdim.

Tanlovda kuchlilar saralandi. Birinchi topshiriq oson boʻlsa-da amaliy mashgʻulot ancha murakkab edi. Ammo imkon darajasida buni uddaladim. Ota-onamning umidlarini roʻyobga chiqardim.

Men tahsil olgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda fizika fani chuqur oʻqitiladi. Aerokosmik texnologiyalar xonasida zamonaviy VR BOX, HOLOMAX, QBOX uskunalari oʻrnatilgan. Maktab binosining tom qismida oʻrnatilgan teleskopda osmon jismlarini kuzatishimiz mumkin. Robototexnika, yosh fiziklar, matematiklar, astronom va informatiklar toʻgaraklarida oʻrgangan bilimlarimiz bugun nufuzli olimpiadalarda muvaffaqiyat qozonishimizga sabab boʻlmoqda. Bu esa biz, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyat, mamlakatimizda taʼlimga berilayotgan eʼtiborning mahsuli, deb bilaman.

Anvarbek RAHMATOV, 64-Xalqaro matematika olimpiadasi bronza medali sovrindori:

— Bugungacha turli xalqaro va respublika olimpiadalarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritganman. Jumladan, 2019-yili JARda oʻtkazilgan olimpiadada oltin va bronza medalni, Ozarbayjonda boʻlib oʻtgan olimpiadada kumush, 2023-yili masofaviy tarzda oʻtkazilgan 19-Xalqaro Jautikov olimpiadasida kumush medalni qoʻlga kiritdim. 5–13-iyul kunlari Yaponiyaning Chibo shahrida dunyoning 112 mamlakatidan 623 nafar maktab oʻquvchisi ishtirok etgan 64-Xalqaro matematika olimpiadasida bronza medalga sazovor boʻldim.

Buxoroning Qorakoʻl tumanidagi mashhur xalqaro matematika maktabida tahsil olganman. Erishgan natijalarimda ustozlarimizning hissasi katta. Avvalo, Prezidentimizning yoshlarga qaratayotgan eʼtibori, ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilgani va taʼlim muassasalarida yaratilgan imkoniyatlar mana shunday natijalarga erishishimizda muhim omil boʻlmoqda.

Muhammadibrohim EGAMBERDIYEV, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyining 2-kurs oʻquvchisi, 34-Xalqaro biologiya olimpiadasi bronza medali sovrindori:

— Olimpiadaga tayyorlanish jarayonida xorijiy va mahalliy trenerlar bilan ish olib bordik. Jahon standartiga mos keladigan, olimpiada darajasidagi bilimlarni egallashga harakat qildik. Mashgʻulotlar Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda olib borildi.

Bilim olish uchun aslida oʻquvchidan hech qanday moddiy mablagʻ talab qilinmaydi. Yurtimizda ilm olaman, degan ham bir yigit-qiz uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Bilimi bor oʻquvchi eng chekka qishloqdan boʻlsa ham davlatimiz yaratgan imkoniyatlardan foydalanib, iqtidorini namoyon etishi mumkin.

34-xalqaro biologiya olimpiadasi Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib oʻtdi. Xarajatimiz davlat tomonidan 100 foiz qoplandi. Bu bizga berilgan juda yuqori ishonchdan dalolat edi. Biz Oʻzbekiston sharafini himoya qildik va terma jamoamiz 3 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi.

Xalqaro olimpiadada bronza medalni qoʻlga kiritgan oʻquvchi 66 million soʻm, ustozi 49 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Bu eʼtibor va ragʻbat haqida soʻzlab berganimda xorijlik tengdoshlarim hayrat va havas bilan qarashdi. Zimmamizda mana shu eʼtiborga munosib boʻlish masʼuliyati turibdi. Zotan, Prezidentimiz Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda bizga ishonmoqda. Biz bu ishonchni oqlaymiz, albatta.

Hozir kuchli jarrohlik amaliyoti talab qilinsa, Germaniya, Hindiston kabi chet davlatlarga borish kerak, degan gapni koʻp eshitamiz. Kelajakda kuchli jarroh boʻlish niyatim bor. Oʻzbekistonda jahon andozalari darajasidagi klinika ochish niyatidaman. Yetuk shifokor boʻlib, mamlakatimizda tibbiyotini rivojlantirish, bu yoʻnalishda Nobel mukofotini qoʻlga kiritish — eng katta orzum. Bu yoʻlda oʻqish, izlanishdan aslo chekinmayman.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Risolat MADIYEVA yozib oldi.