Xalqaro ilmiy-adabiy anjumanda AQSH, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Tojikiston, Afgʻonistondan sharqshunos va navoiyshunos olimlar ishtirok etib, Alisher Navoiy merosini oʻrganish boʻyicha bugungi kunda amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar haqida soʻzlab berdi.
Jumladan, Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi vitse-prezidenti Iso Habibbeyli Alisher Navoiy ijodining jahon tamaddunida tutgan oʻrni, Turkiya Istanbul universiteti assistent professori Emek Usenmez Alisher Navoiyning turkiy tilli xalqlarni birlashtirish yoʻlidagi xizmatlari, Tojikiston Fanlar akademiyasi Yozma meros milliy markazi boʻlimi boshligʻi Saidxoʻja Alizoda Alisher Navoiyning Tojikiston Sharq qoʻlyozma fondida saqlanayotgan asarlarining nusxalari haqida maʼruza qildi.
Alisher Navoiyning ilmiy merosi va matnshunoslik, Alisher Navoiy adabiy merosi va tarjimayi holi, Alisher Navoiy lirikasini oʻrganish masalalari, Alisher Navoiyning lingvistik merosi va shoir ijodini oʻqitish muammolari va boshqa yoʻnalishlar konferensiya shoʻbalarida muhokama qilindi.