Taraqqiy etgan davlatlarning muvaffaqiyati geografik hududining qulayligi hamda transport-kommunikatsiya tizimining qay darajada rivojlangani bilan uzviy bogʻliq. Bu borada, ayniqsa, dengiz va okeanga chiqish yoʻlining mavjudligi juda katta ahamiyatga ega. Shu bois yuklarni eksport va import qilishda shaharlararo, davlatlararo hamda qitʼalararo tashishda transport yoʻnalishlari muhim oʻrin tutadi.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning markazida, Sharq bilan Gʻarbni, Shimol bilan Janubni bogʻlaydigan muhim hududda joylashgan. Biroq, dengiz va okean portlaridan uzoqda boʻlgan mamlakatlar sirasiga kiradi. Mintaqada eksport va import qilinadigan xalq xoʻjaligi mahsulotlarini tashish uchun asosiy transport turi — temir yoʻl hisoblanadi. Ayni kunlarda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 13 ta yoʻnalish boʻyicha 19 ta portga, ular orqali esa yana oʻnlab boshqa bandargohlarga yuklar yetkazib berilmoqda.
2017-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 — 2022-yillarda transport infratuzilmasini takomillashtirish va yuk tashishning tashqi savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiyalash boʻyicha kompleks dastur qabul qilingan edi. Unda bir qator xalqaro transport yoʻlaklariga, shuningdek, Pokiston dengiz portlariga chiqish uchun Transafgʻon transport yoʻlagini qurish boʻyicha erishilgan kelishuvlarni jadallik bilan hayotga tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Mamlakatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa turganligini, u ham boʻlsa, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashdan iboratligini taʼkidlar ekan, shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etgan edi.
Mintaqa taraqqiyotining muhim yoʻlagi
“Hozirgi kunda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Trans-afgʻon transport yoʻlagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlarni tashladik. Bu loyihaning roʻyobga chiqarilishi butun mintaqamizda barqarorlik va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga beqiyos xizmat qiladi.”
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi bu fikrlar Toshkentda boʻlib oʻtgan Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻl qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston — Afgʻoniston — Pokiston uch tomonlama ishchi guruhining birinchi yigʻilishi mohiyatida ham oʻz ifodasini topdi. Ayni kezda ushbu tadbir uch davlat rahbarlari tomonidan 2020-yil 29-dekabrda yirik xalqaro moliyaviy tuzilmalarga yoʻllangan va Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻl qurish loyihasini qoʻllab-quvvatlash taklifi bildirilgan qoʻshma murojaatning yana bir amaliy tasdigʻi hisoblanadi.
Anjumanda ishtirok etgan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi vakillari tomonidan mazkur loyihaning muhimligi qayd etildi, Oʻzbekistonning bu boradagi izchil saʼy-harakatlari qoʻllab-quvvatlandi. Maʼlumotlarga qaraganda, ushbu loyihaga xalqaro moliya tashkilotlari 4,8 milliard dollar miqdorida kredit ajratishi kutilyapti.
Yigʻilishda Transafgʻon temir yoʻl qurilishi loyihasini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud Afgʻoniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni eng qisqa yoʻl bilan bogʻlaydigan, Pokistonning dengiz portlariga chiqishni va ularning infratuzilmasi samarali ishga solinishini taʼminlaydigan temir yoʻl qurish loyihasini ilgari surish toʻgʻrisidagi tashabbus oʻz mamlakatida yuksak baholanib, qoʻllab-quvvatlanayotganini qayd etgan boʻlsa, Afgʻoniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va Prezident Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgarni Toshkent shahrida yetakchi xalqaro moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirokida oʻtgan Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasi boʻyicha uch tomonlama ishchi guruh birinchi yigʻilishining samarali yakunlarini yuksak baholadi.
— Bu — yangi davr, yangi bosqich, XXI asrda mamlakatlarimiz uchun yangi va eng muhim voqea, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov. — Men ushbu yutuqli tashabbusni ishonchli tarzda asrning loyihasi deb atashim mumkin. Bu mamlakatlar oʻrtasidagi xalqaro hamkorlikning prinsipial jihatdan yangi paradigmasini shakllantiradi. Bugun biz muhokama qilayotgan temir yoʻl barqaror rivojlanish va xalqlarimiz turmush darajasini yaxshilash platformasiga aylanadi.
Ekspertlarning qayd etishicha, Transafgʻon transport yoʻlagining barpo etilish tashabbusi nafaqat Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoni jaxon xoʻjalik tizimiga integratsiyasini jadallashtirib, ularni Hind okeaniga olib chiqadi, balki Afgʻonistonda ham barqaror iqtisodiyotning taʼminlanishiga, xususan, yangi ish oʻrinlari yaratilishi, elektr energiya taʼminotining yaxshilanishi, eng muhimi, odamlarning ish bilan taʼminlanishiga,yuklar tranzitidan yirik daromadlarning kelishiga xizmat qiladi. Masalan, Osiyo taraqqiyot bankining hisob-kitoblariga koʻra, Hayraton — Mozori Sharif temir yoʻli foydalanishga topshirilishi natijasida 1,2 ming nafarga yaqin kishi ishga joylashtirildi.
Binobarin, Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda kamida 2 milliard dollarga yetkazish, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi va logistika sohalarida kooperatsiyani kuchaytirishga katta eʼtibor qaratilyapti. Pandemiya oqibatlariga qaramay, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli koʻpaydi, biznes aloqalari faollashdi. Ikki mamlakat tadbirkorlari uchun noyob imkoniyatlarga ega “Termiz” xalqaro savdo markazi tashkil etildi. “Surxon – Puli Humri” yoʻnalishida elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi doirasida ishni yoʻlga qoʻyish choralar koʻrilyapti.
Anjumanda shu kabi masalalarga ham urgʻu berildi. Xususan, Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻlining qurilishi Janubiy Osiyo va Yevropa davlatlari oʻrtasida Markaziy Osiyo orqali yuklarni tashish xarajatlarini 30-35 foizga, vaqtini esa oʻrtacha 15–16 kunga qisqartirishga imkon beradi.
Qayd etish joiz, Janubiy Osiyo mamlakatlari bozori Oʻzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari uchun eng istiqbolli hisoblanadi. Umumiy 1,9 milliard aholiga va 3,5 trillion dollar yalpi ichki mahsulotga ega boʻlgan bu mintaqa dunyodagi eng tez rivojlanayotgan hududlar sirasiga kiradi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, 2025-yilga kelib Hindiston va Pokistonning Afgʻoniston hamda MDH davlatlari bilan umumiy tashqi savdo aylanmasi 26 milliard dollarga yetishi kutilyapti.
Yigʻilishda eʼtirof etilganidek, Pokistonning Karachi, Qosim va Gvadar dengiz portlariga chiqishni taʼminlaydigan Trans-afgʻon yoʻlagi Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini keskin oshirishga, yuk tashish uchun muhim oqimlarni jalb qilishga va Yevropa va Osiyoni quruqlik magistrali orqali eng qisqa yoʻl bilan bogʻlaydigan koʻprik sifatida mintaqaning tarixiy rolini tiklashga yordam beradi.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi










