Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotiga ko‘ra, o‘tgan haftada dunyo bo‘yicha qariyb 3 million nafar kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan. Bu 3-9 oktabr sanalariga nisbatan 6 foiz kam ko‘rsatkichdir.
8,3 ming nafar bemor xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Yaʼni bu borada pasayish dinamikasi 17 foizni tashkil etdi.
Kasallanganlar sonining sezilarli kamayishi Sharqiy O‘rta Yer dengizi mintaqasi mamlakatlarida qayd etildi — 17 foiz. Shuningdek, Afrika (-15 foiz), Shimoliy va Janubiy Amerika (-12 foiz) hamda Yevropa (-11 foiz) qitʼalarida bemorlar soni ozayishi kuzatildi. Biroq G‘arbiy Tinch okeani mintaqasi davlatlarida xastalanganlar soni 11 foizga ortdi.
O‘z navbatida, o‘lim holatlari Sharqiy O‘rta Yer dengizi mintaqasi (-35 foiz), Shimoliy va Janubiy Amerika (-20 foiz) hamda Yevropada (-18 foiz) kamaydi. Afrika qitʼasida esa aksincha, COVID-19 qurbonlari 44 foizga ko‘paydi.
Koronavirus infeksiyasini eng ko‘p yuqtirganlar Germaniyada ro‘yxatga olindi — qariyb 584 ming nafar. Keyingi o‘rinlarni Fransiya (337 ming), Xitoy (329 ming), Italiya (288 ming) va AQSH (251 ming) band etdi.
O‘tgan haftada xastalikdan vafot etganlar soni bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar yetakchi — 2,2 ming nafar. Rossiyada 702, Italiyada 478, Xitoyda 431 va Yaponiyada 409 kishi xastalik tufayli hayotdan ko‘z yumdi.