Dunyoda Oʻzbekiston tibbiyotidagi islohotlar eʼtirof etilmoqda

    200-yildan buyon chop etib kelinayotgan, tibbiyot sohasida dunyodagi eng nufuzli jurnal — “The Lancet”da Oʻzbekistondagi islohotlar dunyoga namuna ekani tilga olindi.

    Unda eʼlon qilingan soʻnggi maqolada bolalar saratoni va qon kasalliklari boʻyicha global darajada shoshilinch choralar koʻrish zarurligi qayd etilgan.

    BMT hisobotlariga koʻra, bu yoʻnalishdagi ishlar sust ketayotgani koʻrsatilgan. Shu bois, “The Lancet” jurnali maqolasida yangi yondashuvlar, aniq maqsadlar va uzoq muddatli investitsiyalar zarurligiga alohida urgʻu berilgan.

    Maqolada qayd etilishicha, bugungi kunda kam va oʻrta daromadli davlatlarda tengsizlik katta xavf solmoqda: saratonga chalingan bolalarning 30 foizdan kamrogʻi omon qoladi va oʻroqsimon hujayrali anemiya bilan ogʻrigan goʻdaklarning yarmi 5 yoshga yetmasdan vafot etadi.

    Shunday murakkab vaziyatda Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, kadrlar va infratuzilmani mustahkamlash, bemorlar parvarishi boʻyicha yagona yondashuvni taʼminlash orqali katta natijalarga erishilayotgani eʼtirof etilgan.

    Xususan, maqolada "2025–2030-yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilingani tilga olingan.

    Shuningdek, Toshkent shahrida Bolalar saratoni boʻyicha xalqaro akademik xab tashkil etilishiga yuqori baho berilgan.

    Oʻzbekiston esa bunga qanday chora topayotganini dunyoga namuna sifatida koʻrsatgan:

    • Prezident farmoni asosida Bolalar saratoniga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiya qabul qilindi;
    • Toshkentdagi Xalqaro akademik markaz mintaqa boʻyicha klinik tajriba va innovatsiyalar markaziga aylanmoqda;
    • davolash, parvarish va kadrlar tayyorlashda yagona yondashuv yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Bu — Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar global sogʻliqni saqlash kun tartibiga mos ekanini koʻrsatadi.