Dunyodagi eng kuchli universitetlar reytingi maʼlum qilindi

    Times Higher Education (THE) tomonidan 2024-yil uchun jahon universitetlari reytingi eʼlon qilindi. Mutaxassislar Xitoy universitetlarining jadal rivojlanishini qayd etmoqda.

    Yaqinda taqdim etilgan etilgan THE World University Rankings-2024 maʼlumotlariga koʻra, Oksford universiteti sakkiz yildan buyon dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingida birinchi oʻrinni egallab turibdi.
    Birinchi oʻntalikda Garvard (4-oʻrin) va Kembrij (5-oʻrin) hali ham jadvalning yuqori qismida joylashgan.

    Biroq kuchli beshtalik oʻrinlari biroz oʻzgardi, Stenford 2023-yildagi uchinchi oʻrindan bu yilgi reytingda ikkinchi oʻringa, Massachuset Texnologiya instituti 2023-yildagi beshinchi oʻrindan uchinchi oʻringa koʻtarildi.

    Joriy yilda AQSH va Buyuk Britaniya hamda Yevropa universitetlari pozitsiyalarida sezilarli darajada pasayish kuzatildi. Ayni paytda Osiyodagi universitetlar, ayniqsa, Xitoydagi oliy taʼlim muassasalari oʻsishda davom etmoqda.
    Sinxua (12) va Pekin (14) universitetlari reytingda Pensilvaniya, Jon Xopkins va Kolumbiya universitetlarini ortda qoldirdi.

    Yaponiyaning Tokio universiteti Osiyoning oʻsib borayotgan akademik taʼsiri tendensiyasini davom ettirib, Edinburg universiteti, London Kings kolleji va London iqtisodiyot va siyosiy fanlar akademiyasini ortda qoldirib, 10 pogʻona yuqoriladi va 29-oʻringa koʻtarildi.

    Olti yillik maʼlumotlar tahlili shuni koʻrsatdiki, AQSH universitetlarining oʻrtacha reytingi 2019-yilgiga qaraganda 296-oʻrindan soʻnggi tasnifda 348-oʻringa tushib ketgan. Buyuk Britaniyaning oʻrtacha reytingi ham seziralri darajada – 451 dan 477 gacha pasaygani kuzatilgan.