Joriy yilda mazkur tashabbus dunyoning 10 mamlakati va 50 shahrini qamrab olib, xorijda mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan va doimiy yashab kelayotgan yurtdoshlarni birlashtiradi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, iftorliklar Makka va Madina, Seul, Istanbul va Anqara, Qohira, Ammon, Kuala-Lumpur, Vashington, Nyu-York va Toronto kabi yirik megapolislarda yuksak saviyada o‘tkazilmoqda. Tadbirlar geografiyasi juda keng bo‘lib, xususan, Rossiyaning 20 ta va AQShning 10 ta yirik shaharlarida ham yurtdoshlarimiz uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilgan.

Tadbirlar O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi elchixona va konsullik muassasalari orqali mamlakatimiz musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Taniqli ulamolar va imom-xatiblar ishtirokidagi uchrashuvlarda islom dinining insonparvarlik mohiyati, milliy qadriyatlarga sadoqat va vatandoshlarni maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, Prezident tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda vatandoshlar homiyligida qo‘shimcha iftorliklar Dallas, Filadelfiya, Orlando, Vashington, Makka, Novosibirsk, Tomsk va Yekaterinburg shaharlarida ham tashkil etiladi. Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi — xorijdagi fuqarolarni maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda ularning vatan bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada mustahkamlashdan iboratdir.