Prezident eksportni kengaytirish boʻyicha yana bir katta imkoniyat – bu nufuzli xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb qilish ekanini taʼkidladi.
Yillik bozori 100 milliard dollardan oshadigan dunyoning eng mashhur 50 ta brendi korxonalarimiz bilan ishlashga katta qiziqish bildirmoqda. Ispaniya, Germaniya, Polsha, Turkiyaning yirik brendlari bilan muzokaralar oʻtkazilgan. Ular mahalliy korxonalarimizga 3 milliard dollarlik buyurtma berishga hozirning oʻzida tayyor.
Buning 3 ta eng katta masala hal qilinadi. Jumladan:
- ishlab chiqarishga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash talablari joriy qilinadi. Buning uchun mahalliy korxonalarning mutaxassislari ularning talabi asosida oʻqitiladi;
- mahalliy korxonalardagi ishchilarga munosib mehnat sharoitlari yaratib beriladi;
- brendlarning mahsulotlarini olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona rejimi joriy qilinadi.
Yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga 50 million soʻmdan grant ajratiladi.
Prezidentimiz Germaniyaning “Dizel” brendini jalb qilgan Namangandagi “Fazman tekstil” korxonasiga hamda AQSHning “Nayk” brendini jalb qilgan Andijondagi “Sino interneyshnl” korxonasiga birinchi boʻlib ushbu grantni berishni taklif qildi.