Dushanbe shahrida Oʻzbekiston savdo uyi ochildi

    Bugun «Oʻzsanoatqurilishmateriallari« uyushmasi tomonidan Tojikiston poytaxtida tashkil qilingan navbatdagi Oʻzbekiston savdo uyining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.

    Tadbirda «Oʻzsanoatqurilishmateriallari« uyushmasi boshqaruv raisi Baxtiyor Bobokulov, Oʻzbekiston elchixonasi diplomatlari, ikki davlat tadbirkorlari va OAV vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar savdo maskanida yaratilgan sharoitlar, mahsulotlar koʻrgazmasi va narxlari bilan yaqindan tanishdi.

    Shuningdek, tadbir davomida ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida B2B uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

    Taʼkidlanishicha, oʻtgan bir yil davomida Tojikistonga 115 mln dollarlik qurilish materiallari eksport qilingan. Bular orasida 34 million dollarlik metall mahsulotlari, 13 million dollarlik quruq qurilish aralashmalari va sement buyumlari, 12 million dollarlik sopol buyumlar, 23 million dollarlik quvurlar va plastmassa mahsulotlari, 11 million dollarlik DSP hamda MDF plitalari, 7 million dollarlik shisha va shisha buyumlar mavjud.

    Tojikiston Oʻzbekiston qurilish materiallari eksportida yuqori ulushga ega boʻlgan davlatlar roʻyxatida ikkinchi oʻrinni qad etib, mamlakatimizning ushbu sohadagi ishonchli hamkorlardan biri sanaladi. Shu bilan bir qatorda «Made in Uzbekistan» yorligʻi ostidagi qurilish mahsulotlariga boʻlgan talab Tojikiston bozorida yildan yilga ortib bormoqda.

    Hozirda Tojikistonga gazobeton bloklari, issiqlik saqlovchi plitalar, tabiiy toshlar va gulqogʻozlar eksportini yanada oshirish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, hozirgacha «Oʻzsanoatqurilishmateriallari« uyushmasi tomonidan ochilgan Oʻzbekiston savdo uylari Ozarbayjon poytaxti Boku va Afgʻoniston poytaxti Kobul shaharlarida faoliyat koʻrsatmoqda.