DXA Farg‘ona viloyat boshqarmasi suratlari

Bugun biror yumushga ehtiyojingiz tushib qolsa, odamlar darrov Davlat xizmatlari markazlariga borishmoqda. Kundalik turmushimizda tez-tez uchrab turadigan tezkor, qulay va shaffof xizmatlar deyarli har bir oilaga kirib bordi. Aholiga yaratilgan barcha sharoit vaqtni tejash, turli ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish imkonini bermoqda.

Pandemiya sabab butun dunyo bo‘ylab boshlangan karantin cheklovlari har qanday ko‘rinishdagi tashkilot va korxonalarni, xalqaro korporatsiyalar, yirik ishlab chiqaruvchilarni ayovsiz sinovdan o‘tkazdi. Yangicha fikrlash va yangicha ishlashga majbur qildi. Xususan, mamlakatimizda ham barcha sohalar pandemiya sharoitiga majburiy-ixtiyoriy ravishda moslashdi.

Davlat xizmatlari agentligi tizimida ham bu davrda avvaldan joriy qilingan,biroq, «yurib ketmayotgan» onlayn xizmat ko‘rsatishga bo‘lgan ehtiyoj keskin ortdi. Yangicha va zamonaviy tizim esa murakkab sharoitda naqadar to‘g‘ri tanlov va islohot ekanligini amalda isbotlab qo‘ydi.

«Siz qaerda bo‘lsangiz, biz ham o‘sha yerdamiz», «Siz kelmang, o‘zimiz boramiz!» tamoyillari va «O‘zimiz keldik» aksiyasi asosida mana shu kunga qadar 104 mingdan ortiq fuqarolarga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Farg‘ona viloyatidagi 19 ta markazlar tomonidan 2018-yildan 2021-yilning birinchi choragiga qadar jismoniy va yuridik shaxslarga 3 million 185 ming 572 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Shundan 55 mingdan ortig‘i chekka va olis hududlarga borgan holda, imkoniyati cheklangan, yolg‘iz va keksa fuqarolarga mobil tartibda tashkil etildi.

Davlat xizmatlari markazlari. Bu tizim xalqqa ko‘rsatayotgan shaffof va qulay xizmati bilan yaqin. Davlat xizmatlari agentligi yanada aholi orasiga kirib, fuqarolar dardu tashvishlari bilan birga bo‘lish niyatida olis cho‘l va tog‘li hududlarda filiallar tashkil etishga kirishdi. Bugun ularning soni viloyat bo‘yicha 9 taga yetdi. Maqsad xalq rozi rizoligini olish. Xizmat mohiyatining o‘zi aholini bir hujjatni deb ovora qilmaslik, fuqarolarga qulaylik yaratishdan iborat. Filiallar hudud odamlarining taklifiga mos kun va vaqtda ishlayotgani bois ham xalqqa manzur. Buni respublika bo‘yicha filiallardan yuz minglab xizmat olgan murojaatchilargina tizimda yaratilgan qulaylikning afzalligini yaxshi bilishadi. Boisi, markazga tushish uchun uzoq yo‘l bosishmaydi, mablag‘ yo‘qotmaydi, vaqt sarflamaydi.

Mamlakatimizda shunday hududlar borki, ular viloyat, hatto tuman markazlaridan ancha olisda. Bu manzillarga borish uchun hududlardan avtomashinada yurib bir kunni kech qilasiz.

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan joylardagi mahalla fuqarolari yig‘inlari binolarida bepul foydalanish huquqi bilan, aholining yehtiyojlaridan kelib chiqqan holda markaz filiallari bosqichma-bosqich tashkil etila boshlandi. Natijada Farg‘ona viloyatida shu kunga qadar markazlar filiallari soni 9 taga yetdi. Sayyor-mobil xizmatlar va DXM filiallari   orqali shu kunga qadar mijozlarga 50 mingga yaqin xizmatlar ko‘rsatildi.

214 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Farg‘ona tumani - qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasiga yondosh hudud. Tuman tarkibidagi Shohimardon va Yordon MFY lari joylashgan xududni esa quruqlikdagi orol deyish mumkin. Sababi, Shoximardonning to‘rt tarafi ham qirg‘iz qardoshlarimiz chegara xududi bilan tutashib ketgan.  Baland tog‘ yon bag‘irlarida joylashgan bu tumanda fuqarolar va tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida «Shohimardon», «Chimyon» filiallari tashkil etilgan. E’tiborli jihati shundaki, qishning ayozli, yozning jazirama kunlarida yuzlab chaqirim masofadan keladigan, ayniqsa Qirg‘izistonning 50 kilometr xududini bosib o‘tib fuqarolar uchun ayni muddao bo‘ldi. Tuman markazidan 46 kilometr uzoqlikda joylashgan Chimyon hududida Mindon, Xonqiz, Gulshan, Qo‘rg‘ontepa kabi 9 ta qishloqlarda 100 minga yaqin aholi istiqomat qiladi. Davlat xizmatlari markazining Soybo‘yi MFY da joylashgan «Chimyon» filiali esa ana shu aholining uzog‘ini yaqin qilyapti. Shu kunga qadar «Chimyon» hamda «Shoximardon» filiallari orqali aholiga 5 ming 700 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.

Ayni paytda «Chimyon» va «Shoximardon» shaxobchalari bilan birgalikda Uchko‘prik tumadi «Oq suv», Buvayda tumanida «Buvayda», Beshariq tumanida «Rapqon», Furqat tumanida «Chekchuvaldoq», Quva tumanida «Akbarodob», Quvasoy va Farg‘ona shaharlarida «Qo‘chqorchi» hamda «Qirguli» filiallari fuqarolar uchun xizmat qilib kelyapti. 

Xulosa o‘rnida...Bugun davlat bilan xalq o‘rtasidagi muloqot yangi bosqichga ko‘tarildi. Xalqning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish, qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangicha tizimi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Demak, «siz qaerda bo‘lsangiz, biz ham o‘sha yerdamiz» tamoyili yanada xalqqa yaqinlashdi.

Rano Boyqo‘zieva,

 DXA Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i.