DXX 23 yil qidiruvda boʻlgan xavfli shaxsni qoʻlga oldi

    Xavfsizlik 30 Sentabr 2021 2939

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining saʼy-harakati bilan “Turkiston islom harakati” (“TIH”) xalqaro terroristik tashkiloti aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi sababli 23 yildan buyon qidiruvda boʻlgan “Yu.J.” xorijda ushlanib, mamlakatimizga olib kelindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

    1969-yil Toshkent viloyatida tugʻilgan ushbu shaxs 1998-yilning boshlarida Rossiyaning Checheniston Respublikasiga borib, iordaniyalik Amir Xattob tomonidan tashkil qilingan jangarilar lagerida maxsus tayyorgarlikdan oʻtadi va oʻsha yilning oxirlarida Afgʻonistondagi “TIH” xalqaro terroristik tashkiloti safiga qoʻshiladi.

    1999-yilning yanvar oyida tashkilot yetakchilarining koʻrsatmasi bilan u aylanma yoʻllar orqali Toshkent shahriga kelib, badavlat odamlarning uylarida bosqinchiliklarni amalga oshiradi hamda ularning pul va qimmatbaho buyumlarini oʻzlashtirib, Afgʻonistondagi “TIH” yetakchilariga yuboradi.

    Mazkur shaxs 1999-yilning 16-fevral va 30-mart kunlari Toshkent shahrida amalga oshirilgan qoʻporuvchilik harakatlarida ham ishtirok etadi.

    Shuningdek, 1998-2006-yillarda xorijiy davlatlardagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda qatnashadi.

    Hozirda unga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.