Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari va Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Uzun tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 2005 va 2006-yillarda tugʻilgan 2 nafar mahalliy fuqaro 20 kg 374 gr “opiy” va 41 kg 668 gr “gashish” giyohvandlik vositalarini Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelgan vaqtlarida ushlandi.

Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi boʻlgan, Uzun tumanida yashovchi, 2004-y.t. shaxs hamda ajal ogʻusining buyurtmachisi hisoblangan, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 2000-y.t. fuqaro ham protsessual tartibda ushlandi.

Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari va DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, Qozogʻiston Respublikasidan xalqaro oʻtkazish punkti orqali mamlakatimizga kirib kelgan Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi, 1991-y.t. shaxsga tegishli yuklar oʻrnatilgan tartibda tekshirildi.

Natijada marmar quyma tosh ichiga yashirilgan 7 kg 902 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi maʼlum boʻldi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, narkokurer moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu giyohvandlik vositasini Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida nomaʼlum shaxs tomonidan telegram bot orqali koʻrsatilgan manzildan olib, Oʻzbekistondagi buyurtmachiga yetkazib berishi kerakligi aniqlandi.

Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1985-y.t. fuqaro Oʻrta Chirchiq tumanida ajal ogʻusini qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona va Surxondaryo viloyatlari boʻyicha boshqarmalari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida afgʻonistonlik narkosavdogarlardan giyohvandlik vositalarini olib, Fargʻona viloyatida sotish bilan shugʻullangan shaxslar faoliyatiga chek qoʻyildi.

Xususan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1964-y.t. ayol va uning 1993-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan oʻgʻli qoʻlga olinib, ulardan Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan 5 kg 878 gr “opiy” va 3 kg 922 gr “gashish” moddalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijdan olib kelingan jami 79 kg 744 gr giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.