Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Uchkoʻprik tumanida yashovchi, 1968-y.t. shaxs oʻzganing tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJga qarashli, Fargʻona shahridagi aksiyadorlik tijorat banklaridan birida garovda turgan 12 sotix yer maydonini 130 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 109 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xizmatning Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Urgut tumanida yashovchi, 1991-y.t. fuqaro tumandagi gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning sugʻoriladigan yer maydonidan 50 sotixini 80 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytib, kelishilgan pul mablagʻidan 30 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xizmatning Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qarshi tumani hokimligining qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari chorvachilik yoʻnalishida foydalanish maqsadida fuqaroga tuman hokimligi zaxirasidagi 25 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, 5 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.