DXX: 4 ta viloyatda korrupsiya va firibgarlik bilan gumonlangan shaxslar ushlandi

    Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Toshkent, Qashqadaryo, Xorazm, Samarqand viloyatlarida korrupsion holatlarni aniqlash boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Oʻrtachirchiq tumangaz” gaz taʼminoti bosh muhandisi non mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan binoni gaz tarmogʻiga ulab berish, texnik hujjatlarni rasmiylashtirish, hisoblagich oʻrnatish, gaz quvurlarini tortish va boshqa ishlarni qilib berish evaziga 8500 AQSH dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    “Hazorasp erkin iqtisodiy zona direksiyasi” davlat unitar korxonasi mutaxassisi Qoʻshkoʻpir tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, uni oʻzining mansabdor tanishlari orqali Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga ishga kiritib qoʻyishini aytib, evaziga 6 ming AQSH dollari talab qiladi.

    Xizmatning Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu mutaxassis 3500 AQSH dollari olayotgan vaqtda ushlandi.

    Savdo-sanoat palatasining Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi Bogʻot tumani boʻlimi mansabdor shaxsi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Urganch shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning yerga boʻlgan egalik huquqini qayta tiklab berish evaziga 3 ming AQSH dollari talab qilib, shundan 400 AQSH dollari hamda 1.200.000 soʻm olayotgan vaqtda Xizmatning Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi va Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchisi oʻz mansab vakolatidan foydalangan holda 2 nafar fuqaroni mazkur birlashmaga ishga qabul qilish evaziga 1500 AQSH dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Samarqand shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa avtotransport vositalari ehtiyot qismlari savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJning bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisi mahalliy tadbirkor tomonidan 2024-yilning iyun oyida Turkiya davlatidan olib kelingan qiymati 850 mln. soʻmlik tovar moddiy boyliklar uchun toʻlanishi lozim boʻlgan davlat bojlarini bojxona idoralaridagi tanishlari orqali tez va arzon narxlarda bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirib berganligi evaziga 1300 AQSH dollari talab qilib, shundan 1100 AQSH dollarini olayotgan vaqtda ushlandi.

    Shuningdek, mazkur ishga aloqador boʻlgan, Samarqand viloyat bojxona boshqarmasiga qarashli bojxona postlaridan birining boshligʻi ham 200 AQSH dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.