DXX Andijonda noqonuniy yer sotish holatlariga chek qoʻydi

    Xavfsizlik 16 Aprel 2021 2012

    DXX Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda yer sotish bilan bogʻliq bir nechta firibgarlik holatlariga chek qoʻydi.

    Xususan, viloyat hokimligi huzuridagi kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi xodimi 2 nafar sherigi bilan oʻzaro til biriktirib, mahalliy fuqaroga fermer xoʻjaligi tashkil qilishi uchun Xoʻjaobod tumani hokimiyatidagi mansabdor tanishlari orqali 100 gektar yer ajratib, tegishli hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga undan 128 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandilar.

    Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxslar oʻzlarining bu yordamlari uchun muqaddam avans sifatida 7 ming AQSH dollari olganliklari aniqlandi.

    Shuningdek, olgan pullarining 70 ming AQSH dollarini Andijon viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish bosh boshqarmasida ishlovchi tanishiga berishlari kerakligi maʼlum boʻldi va tezkor tadbir davom ettirilib, u ham pul olgan vaqtida ushlandi.

    Muqaddam Andijon shahar hokimligida kotibiyat mudiri lavozimida ishlagan, bir necha bor sudlangan shaxs mahalliy fuqaroga mansabdor tanishlari orqali viloyat markazidagi Shimoliy kichik sanoat zonasidan 80 sotix yer maydoni olib berish va bu borada shahar hokimining tegishli qarorini chiqartirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Yana bir holatda esa Ulugʻnor tumanida yashovchi shaxs oʻzi rahbarlik qilayotgan fermer xoʻjaligining sabzavotchilikka ixtisoslashgan yer maydonidan 6 gektarini tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali mahalliy fuqaro nomiga oʻtkazib berish evaziga undan 18 ming AQSH dollari talab qilib, soʻralgan pulni 189 mln soʻm ekvivalentida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Viloyat markazida faoliyat yurituvchi MCHJ ishchisi mahalliy fuqaroga Andijon shahar Shimoliy kichik sanoat zonasidan 4 sotix yer maydonini 7500 AQSH dollariga olib berishini aytib, oldindan 3400 AQSH dollari oladi.

    Keyinroq esa Andijon shahar Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastr boʻlimida ishlovchi tanishlari orqali ushbu yer maydoni boʻyicha shahar hokimining tegishli qarorini chiqartirib berishini aytib, qolgan 4100 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

    Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

    DXX matbuot xizmati