DXX ayrim tashkilot boshliqlarini pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushladi

    Qoʻshtepa tumani prokurori oʻrinbosari, Chortoq tumani hokimi oʻrinbosari, Angren shahar elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi va oʻrinbosari, Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali boshligʻi pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda:

    Qoʻshtepa tumani prokurori oʻrinbosari oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbaridan 2000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Aniqlanishicha, u tuman prokuraturasi tomonidan JKning 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayblov xulosasi tuman sudiga yuborilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbariga nisbatan sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazo tayinlanmasligiga hamda JKning 45-moddasi (muayyan huquqdan mahrum qilish) qoʻllanilmasligiga yordam berishi evaziga 3 ming AQSH dollari talab qilgan va muqaddam 1000 AQSH dollari olgan.

    Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi agrofirma rahbari tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari bilan oʻzaro til biriktirib, joriy yilning aprel oyida gʻallachilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning davlat zaxirasiga olingan 10 gektar yer maydonini f/x ixtiyoriga qaytarib berish hamda xoʻjalikning bajarilmagan gʻalla ekish rejasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2,5 ming AQSH dollari talab qiladi.

    Agrofirma rahbari soʻralgan pul mablagʻidan 1000 AQSH dollari va 5 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.

    Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, talab qilingan pul mablagʻidan 100 AQSH dollarini olib, qolgan qismini oʻzida saqlab turishi haqida agrofirma rahbariga topshiriq bergan vaqtida Chortoq tumani hokimi oʻrinbosari ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Taʼkidlash lozimki, agrofirma rahbari fermerning ushbu masalasini hal qilib berish boʻyicha avvalroq 3 mln. soʻm ham olgan.

    Angren shahar elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi oʻrinbosari oʻz rahbarining ogʻzaki topshirigʻiga asosan, savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi MCHJning transformatorini elektr tarmogʻiga ulab, tegishli hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga xizmat xonasida 40 mln. soʻm miqdorida pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, Angren shahar elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi ham protsessual tartibda ushlandi.

    Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tumani filiali boshligʻi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, tumandagi 20 sotix yer maydonida qurilgan uy-joy uchun kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga, oʻzining xizmat xonasida 25 ming AQSH dollari miqdorida pora olgan vaqtida ushlandi.

    Hozirda mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.