Buning uchun ular otasining yashash xonadoni yonidan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan 28 sotix yerni ularga vaqtincha foydalanishga qoldirilganligidan foydalanib, ushbu yer maydonini hamda uning yonidagi tuman hokimligi ixtiyorida boʻlgan 14 sotix yerni, jami 42 sotix yer maydonini 35 ming AQSH dollariga sotmoqchi boʻlishadi.
Ular soʻralgan puldan avans sifatida 10 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Navoiy viloyatining Navbahor tumanida yashovchi fuqaro oʻzi vaqtinchalik foydalanib kelgan mahalliy tadbirkor nomidagi 1,75 gektar baliqchilik xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonini uning egasini xabardor qilmasdan, boshqa bir fuqaroga 47 mln. soʻmga sotishni rejalashtiradi.
DXX Navoiy viloyati boshqarmasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda firibgar shaxs soʻralgan puldan 35 mln. soʻmni olgan vaqtida ushlandi.
DXX Andijon viloyati boshqarmasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Andijon shahrida yashovchi fuqaro boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, unga Andijon tumani hokimligidagi mansabdor tanishlari orqali chorvachilik bilan shugʻullanishi uchun adirlik yerlardan ajratib berilishini aytib, evaziga 15 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida u mazkur pul mablagʻini Andijon tumani hokimligida ishlovchi tanishiga berishi kerakligi maʼlum boʻldi va tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxs ham 15 mln. soʻmni olgan vaqtida ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, hokimlik vakili boʻlgan mazkur shaxs muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun joriy yilning yanvar oyida jinoyat ishlari boʻyicha Buloqboshi tuman sudi tomonidan unga nisbatan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 1 yil 6 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qarshi tumanida yashovchi fuqaro dehqon xoʻjaligi tashkil etish uchun 2008-yil tuman hokimi qarori bilan uning onasi nomiga ajratib berilgan 33 sotix yer maydonini tasarruf etish huquqiga ega boʻlmasada 40 mln. soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qashqadaryoda kuzatilgan yana bir holatda esa Nishon tumani “Yer resurslari va davlat kadastri” mutaxassisi tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga baliqchilik xoʻjaligi tashkil qilishi uchun 8 gektar yer ajratilishida va bu borada tuman hokimining tegishli qarori chiqarilishida yordam berishini aytib, xizmati evaziga undan 1000 AQSH dollari talab qiladi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir jarayonida kadastr xodimi 900 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX matbuot xizmati