Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Yunusobod tumanida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda 1976-yilda Buxoro viloyatida va 1958-yilda Jizzax viloyatida tugʻilgan ikki fuqaro 874 gr. “opiy” moddasini 18 ming AQSH dollariga sotmoqchi boʻlganlarida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Tojikiston Respublikasidan keltirilgan ushbu narkotik moddaning haqiqiy egasi hisoblangan Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1956-y.t. shaxs ham qoʻlga olindi.
1976-yilda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan fuqaro 1985-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan tanishi bilan Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumaniga borib, uchinchi shaxslar tomonidan qoʻshni Tojikiston Respublikasidan oʻtkazilib, xufiyona joyga yashirib ketilgan ikki dona oʻramdagi narkotik moddani qabul qilib olishadi va uni oʻzaro teng boʻlishib, biri Boʻka tumani tomon, ikkinchisi esa Toshkent shahri tomon yoʻl olishadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda dastlab ulardan biri Ohangaron tumanida 988 gr. “gashish” moddasi bilan, ikkinchisi boʻlsa Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 887 gr. “gashish” moddasi bilan qoʻlga olindi.
Boshqa bir holatda Quvasoy shahrida yashovchi, 1987-y.t., muqaddam sudlangan fuqaro Qirgʻiziston Respublikasidan mamlakatimiz hududiga kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazilgan 1 kg. 61 gr. “gashish” moddasini kelgusida sotish maqsadida Fargʻona shahriga olib kelgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Fargʻona shahrida yashovchi, 1992-y.t. ikki fuqaro ham Qirgʻiziston Republikasidan keltirilgan 974 gr. “gashish” moddasini Quva tumanida qabul qilib, viloyat markazi tomon harakatlangan vaqtlarida ushlandi.
Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida yashovchi, 1983-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan fuqaro va uning 1987-y.t. sherigi 430 gr. “gashish” moddasini sotmoqchi boʻlgan vaqtlarida qoʻlga olindi.
Oʻz navbatida ular Qirgʻizistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan mazkur giyohvandlik vositasini Qoʻrgʻontepa tumanida yashovchi, 2000-y.t., muqaddam sudlangan shaxsdan olganliklari aniqlanib, u ham ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.