Avtomashina koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan chet el fuqarosi hamda Toshkent shahrida yashovchi mahalliy fuqaro yonida 3 kg 165 gr. “opiy” giyohvandlik vositasi hamda 35 dona psixotrop tabletka borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ular mazkur giyohvand moddalarni Samarqand shahridagi avtoturargohda xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi boʻlgan chet el fuqarosidan 15 ming AQSH dollariga sotib olganliklari maʼlum boʻldi.

Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu xorijlik haydovchi vaqtincha boʻlib turgan Samarqand shahridagi avtoturargoh hamda uning boshqaruvida boʻlgan yuk avtomashinasi koʻzdan kechirilganda, avtomashinaning salon qismida 15 ming AQSH dollari hamda u tomonidan avtoturargohning yordamchi binosiga yashirib qoʻyilgan 3 kg 960 gr. “opiy” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, Afgʻonistonda yetishtirilgan ushbu narkotik moddalar uchinchi davlat orqali mamlakatimizga olib kirilgan.

DXX Fargʻona viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Toshkent - Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “Neksiya-1” rusumli avtotransport vositasi Dangʻara tumani hududida toʻxtatildi.

Avtomashina koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi 3 nafar fuqaroga tegishli boʻlgan 1 kg.dan ortiqroq ogʻirlikdagi «gashish» giyohvand moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu giyohvand modda Tojikiston Respublikasida 7 ming AQSH dollariga sotib olinib, soʻngra Toshkent viloyati Bekobod tumani hududiga kontrabanda yoʻli bilan olib oʻtilgan. Ogʻufurushlar uni Qoʻqon shahrida sotishni rejalashtirishgan.

Fargʻona tumanida yashovchi, 1987-y.t. fuqaro Qirgʻiziston Respublikasining Qadamjoy rayonida istiqomat qiluvchi shaxs tomonidan oʻzbek-qirgʻiz davlat chegarasidagi sim toʻsiqlar ustidan uloqtirilgan 1 kg 367 gr. «gashish» giyohvandlik moddasini qabul qilib olib, kelgusida sotish maqsadida oʻz xonadoniga yashirib qoʻyadi.

DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda uning xonadonidan ushbu giyohvandlik moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Fargʻona tumanida kuzatilgan yana bir holatda 1981-y.t., muqaddam sudlangan fuqaro oʻz yashash xonadonida 1981-y.t. hamqishlogʻidan 983 gr. «gashish» moddasini qabul qilib olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ushlandi. Shuningdek, ushbu ajal ogʻusini qoʻshni davlatdan olib oʻtishga koʻmaklashgan 1995-y.t. uchinchi shaxs ham qoʻlga olindi.

Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi Qirgʻizistonda 6.500 AQSH dollariga sotib olinib, kontrabanda yoʻli bilan respublikamiz hududiga olib oʻtilgan.

DXX Namangan viloyati boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Namangan - Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan Namangan shahrida yashovchi, 1987-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Neksiya-3” avtomashinasi Qamchiq dovonida joylashgan YPX maskanida toʻxtatildi.

Avtomashina koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida Qirgʻiziston Respublikasidan noqonuniy olib kelingan 2800 dona kapsuladagi «Regapen» va 1309 dona flakondagi «Tropikamid» kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

DXX matbuot xizmati