DXX korrupsiya va firibgarlik bilan shugʻullangan mansabdorlarni qoʻlga oldi

    Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali mansabdor shaxsi fuqaroni ushbu filialga boʻlim boshligʻi lavozimiga ishga qabul qilish va uning ilmiy ishini ilmiy kengashga kiritib, himoya qilishida yordam berish evaziga pora tariqasida 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani tibbiyot birlashmasining reanimatsiya boʻlimi mansabdor shaxsi mazkur tumanda istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, unga nisbatan Toshkent shahar Uchtepa tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

    DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Uychi tumani hokimligi yuristkonsulti firibgarlik yoʻli bilan mahalliy fermer xoʻjalik rahbaridan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Aniqlanishicha, u iqtisodiy sudda koʻrib chiqilayotgan ushbu fermer xoʻjalikning yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olish masalasini fermer foydasiga hal qilib berishni vaʼda qilgan.

    Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.