DXX tuman prokurori oʻrinbosari va Ichki ishlar boʻlimi tergov boʻlinmasining sobiq xodimini qoʻlga oldi

    “Qamoq” ehtiyot chorasini oʻzgartirib berish evaziga 15 ming AQSH dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Asaka tumani Ichki ishlar boʻlimi tergov boʻlinmasining sobiq xodimi 15 ming AQSH dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

    Aniqlanishicha, u Asaka tumani prokurori oʻrinbosari orqali, mazkur tuman prokuraturasi ish yurituvida boʻlgan jinoyat ishi doirasida, qurilish firmasi rahbariga nisbatan qoʻllanilgan “qamoq” ehtiyot chorasini oʻzgartirib, tergov harakatlari davomida aniqlangan zarar summasini qayta nazorat-oʻlchov tadbirlari oʻtkazish orqali kamaytirib berish evaziga, ayblanuvchining yaqinlaridan pul soʻragan.

    Holat yuzasidan toʻplangan materiallar asosida sobiq tergovchiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Olib borilgan tergov harakatlari davomida tuman prokurori oʻrinbosari ham ushbu jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilindi.

    Hozirda ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.